Nukusda “Bir million daraxt” aksiyasiga start berildi

“Yuksalish” umummilliy harakat tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu aksiya bugun, 24 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida start berildi.
Aksiya Innovatsion rivojlanish vazirligi, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi aksiyaning boshlang‘ich nuqtasi sifatida tanlangan ramziy ma’noga ega. Dunyoda kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turuvchi Orol dengizi bir avlod ko‘z o‘ngida yo‘q bo‘ldi. Orol havzasi mintaqasidagi misli ko‘rilmagan ekologik vaziyat global muammoga aylandi. Bugun bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Sahro hududi yashil o‘rmonga aylantirilmoqda.
24 oktabr – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgan kun bo‘lib, bu jamoatchilik e’tiborini yana bir bor ekologik muammolarga jalb qilish, yashash uchun qulay sharoitlar yaratish, aholini tashvishga solayotgan masalalar bo‘yicha ma’lumot berish, global muammolarni hal qilish uchun aholi, siyosiy idora va resurslarni jalb qilishga sababdir.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham mazkur aksiyani davom ettirish rejalashtirilgan. Ushbu viloyatlarda ko‘chatlar asosan suv ta’minoti cheklangan joylarda ekiladi. Shu munosabat bilan murakkab iqlim sharoitlariga chidamli daraxt turlari tanlanadi. Bundan tashqari, ko‘chatlarni ekishda suvni tejaydigan texnologiyalar, jumladan gidrogendan foydalanish rejalashtirilgan.
“Bir million daraxt” aksiyasining maqsadi – o‘rmonlarni kesish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish, odamlarni ixtiyoriy ravishda birlashtirish orqali qulay atrof-muhit yaratish, O‘zbekistonda daraxtlarni ko‘paytirish va o‘stirish masalalariga e’tiborni jalb qilish. Ushbu loyiha mamlakatimizda yilda ikki marotaba: oktabrdan dekabrgacha va fevraldan aprelgacha o‘tkazish mo‘ljallangan.

 

O‘zA