Saylov yangicha tamoyil asosida yuqori saviyada oʻtkaziladi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimida joriy yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda xalqaro matbuot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi aʼzolari, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot xizmati rahbarlari va blogerlar ishtirok etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ye.Djumanazarov boʻlajak saylovlarga tayyorgarlikning borishi toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 8 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga 65 ta, xalq deputatlari shahar va tuman kengashlariga 425 ta saylov okrugi tuzildi. Joriy yilgi saylovlar “Yangi Oʻzbekiston: Yangi saylovlar” shiori ostida ilk marotaba xalqaro standartlar, prinsiplar asosida qabul qilingan Saylov kodeksi boʻyicha oʻtkazilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimining ish faoliyati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va rejalari bilan tanishtirildi.
– Saylov jarayonini ochiq-oshkora tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng ommaga yetkazishda ommaviy axborot vositalarining xizmati beqiyosdir, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi rahbari Abdulla Yembergenov. ̶ Shu nuqtayi nazardan bugungi tadbirda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarimizni muhokama qildik va vazifalarni belgilab oldik.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA