Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz 8 oltin, 3 kumush va 9 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi final bosqichida Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Azizbek Tojiev, Login Petrov, Nusratbek Tohirov, Jahongir Zokirov Osiyo chempioniga aylandi.
Finalga qadar o‘tgan janglarda g‘alaba qozongan Bilolbek Ixvolov, Bekzod Bekmurodov va Mohira Ahmedova kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Iqboljon Qudratov, Asrorbek Shahobiddinov, Anvar Boltaboev, G‘ofurjon Tohirov, Jahonmurod Imomaliev, A’loxon Abdullaev, Mohlaroyim Savriddinova, Ruhshona O‘ktamova hamda Shahnoza Ergasheva o‘z vazn toifalarida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, musobaqa tashkilotchilari tomonidan Osiyo chempionatining eng yaxshi bokschisi, deb 48 kilogrammgacha vaznda mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilgan Sabina Boboqulova topildi
Shu tariqa Osiyo chempionatida 20 medalga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi pog‘onadan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jaev, O‘zA