Qoraqalpogʻistondagi sahro moʻjizasi

Qoraqalpogʻiston zaminida moʻjizakor maskanlar koʻp. Shulardan biri 2016-yilda ish boshlagan yirik korxona – Ustyurt gaz-kimyo majmuasidir.
Oqchoʻloq deb nomlanadigan hududda shunday korxonaning qad rostlashi bepoyon va buyuk Ustyurt dalalariga yana tamaddun beshigini qaytargandek, guyo. Bu yerlarda qadim zamonlarda saklar, massagetlar, sarmatlar koʻchib yurgan boʻlsa, oʻrta asrlarda Buyuk Ipak yoʻlining bir tarmogʻi oʻtgan, yaʼni Buyuk Xitoy devorlaridan Quyi Volga hududlarigacha minglab karvonlar shu yerlar orqali oʻtgan. Keyinchalik sahroda choʻponlar makon qilib, chorvachilik rivojlangan.
Oqchoʻloq nomi kelib chiqishining ham oʻz tarixi bor.
Bu yerda yashovchi choʻponning mollariga oq boʻri tez-tezdan hujum qilib, talafot keltirib turgan. Bir kuni choʻpon boʻriga qopqon qoʻyadi. Boʻri qopqonga tushib qoladi. Lekin, boʻri odamning qoʻliga tushib qolishni istamay, oʻzining oyogʻini oʻzi chaynab uzib, qopqondan qutilib ketadi. Oq boʻri choʻloq boʻlib qoladi. Shundan keyin aholi bu joyni Oqchoʻloq deb atagan. Aynan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilgan hudud ushbu boʻrining nomi bilan bogʻliq.
Hozirda bu yerda qurilgan posyolkaga Qirqqiz deb nom berilgan.
– Majmuamizda 1500 ga yaqin ishchilar 24 soat davomida faoliyat koʻrsatadi. Aksariyat xodimlarning ish tartibi 12 soatlik qilib belgilangan, – deydi “Uz-Kor Gas Chemical” MCHJ Qoʻshma korxonasi boshqaruv raisi Narbay Annayev. – Majmua ishchilarining hammasi chet tillarini oʻzlashtirgan. Ularning yashashi uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida, yangi turar joy posyolkasi bunyod etildi. Hozirgi paytda 140 ta kottej, 144 kishilik 3 ta yotoqxona, bozor qurilgan. Bolalar bogʻchasi, maktab, poliklinika qurish va posyolka infratuzilmasini yanada rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Hozirgi paytda ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulot eksportga, Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa davlatlariga joʻnatilmoqda. Shuningdek, ichki bozor orqali OʻzRTXBning savdo maydonchasi orqali sotilmoqda.
Majmuaning ishlab chiqarish quvvati quyidagicha:
– “Surgʻil” konidan yiliga 3 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olinadi va transportirovka qilinadi;
– “Surgʻil” konidan yiliga 115 ming tonnadan ortiq gaz kondensati qazib olinadi, dastlabki tayyorlanadi va tashiladi;
– Ustyurt gaz-kimyo kompleksida chuqur ishlov beriladi va qimmatli komponentlar ajratib olinadi.
Ustyurt gaz-kimyo majmuasi yiliga 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati, 8 ming tonna piroliz moyi (u keyingi ishlov berish va mahsulot olish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga joʻnatiladi)ni ishlab chiqaradi. Majmua 5 ta zavoddan tashkil topgan:
Gazni ajratish qurilmasi:
Gazni ajratish qurilmasi Samsung Engineering Co Ltd kompaniyasi tomonidan qurilgan. 2015-yil avgust oyidan boshlab tabiiy gazni ajratish qurilmasi Surgil, Gʻarbiy va Sharqiy Berdax konlaridan tabiiy gaz olishni boshladi. Bugungi kunda zavod kiruvchi tabiiy gazni metan (sanoat gaz), etan, suyultirilgan neft va gaz kondensati kabi fraksiyalarga ajratmoqda.
Etilen zavodi:
Etilen zavodi GS Engineering & Construction Corp. tomonidan qurilgan. Zavod etilen va propilen ishlab chiqarish texnologiyasiga asoslangan.
Poliyetilen va polipropilen ishlab chiqarish zavodlari.
Ustyurt GKM tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi yuqori zichlikli polietilen 2015-yil 25-oktyabrda olingan va 2015-yil 5-noyabrdan turli navlarga ega polipropilen ishlab chiqarish boshlangan. Zavodlar Samsung Engineering Co Ltd tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan.
Zavodning texnologik litsenziati dunyoga mashhur Lotte Chemical kompaniyasi boʻlib, uning litsenziyasi boʻyicha dunyoning 18 mamlakatida yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritadi.
Polimer zavodida polimerlash reaksiyasi, polietilen va polipropilenni ajratish, quritish hamda granulazatsiyalash ishlari amalga oshiriladi
Energiya taʼminoti stansiyasi:
U Hyundai Engineering kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Zavod butun majmuaning ishlab chiqarish ehtiyojlarini elektr energiyasi, gaz azot, texnik havo, yuqori bosimli bugʻ, texnik va qayta tozalangan suv bilan taʼminlaydi. Shuningdek, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi loyihasi boʻyicha Siemens kompaniyasining gaz turbinali generatorlari ishlamoqda, ular butun majmuani energiya bilan taʼminlaydi hamda bir vaqtning oʻzida tashqi energiya tarmogʻiga ham elektr energiyasini yetkazib beradi.

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA