Imzo varaqalari ekspertlar tomonidan besh kun muddatda tekshiriladi

Saylov – 2019
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglarini hamda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning qayd etishicha, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi. Oldingi saylovlarda Ekoharakat deputatlar guruhiga 15 o‘rin kvotalangani sababli 135 ta saylov okrugi tuzilar edi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun 60 dan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun 30 dan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi tuziladi.
Saylov kuniga qadar mamlakatimizda ovoz berish huquqiga ega saylovchilarning umumiy soni taxminan 20 million 600 ming atrofida bo‘lishidan kelib chiqib, har bir saylov okrugidan o‘rtacha saylovchilar soni 137 ming 279 ga to‘g‘ri kelmoqda. Har bir saylov okrugi teng saylovchilarga bo‘linyapti. Oldingi saylovlarda ba’zi bir okruglar 20-30 foiz ko‘p saylovchilarga ega bo‘lar edi.
Saylov kodeksida belgilangan normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi, qoida tariqasida, 10 foizdan oshmasligi kerak.
Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda saylovdan kamida 75 kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.
Majlisda komissiya a’zolari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasini ham ko‘rib chiqdi.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilgani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 5 kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida 15 foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilgani aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.
Qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas, deb topiladi. Bunday vaziyatda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA