“Korea Week – 2019“ haftaligi boshlandi

Yurtimizda Koreya Respublikasi haftaligi – “Korea Week –2019“ ma’rifiy tadbiri boshlandi. Poytaxtimizdagi Koreya Respublikasi elchixonasi qoshidagi ta’lim markazida tashkil etilgan “Koreyada ta’lim“ nomli ma’rifiy ko‘rgazma ushbu haftalikka start berdi.
O‘zbekiston hamda Koreya o‘rtasidagi hamkorlik tobora izchil, ishonchli va mustahkam asosga ega bo‘lgani holda muttasil rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga 2017 yil noyabr oyidagi ilk tashrifi hamda joriy yilning aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning mamlakatimizga tashrifi bu boradagi hamkorlikni yangi, yanada istiqbolli bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalar ta’lim sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Yurtimizda Koreya Respublikasi ta’lim sohasiga taalluqli vazirlik va muassasalar zamonaviy axborot texnologiyalari, injeneriya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlik qilib keladi. Ayni paytda talabalar va o‘qituvchilarning akademik almashinuvi, malaka oshirish, zamonaviy texnik vositalar, o‘quv uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash, til o‘rganish sohasida birgalikda ko‘plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
“Koreyada ta’lim“ nomli ko‘rgazmada ham mazkur davlatning Konguk, Gonyang, Kukmin, Tanguk, Tegu, Teguxani, Tonmyong, Tona, Sogan, Sonmun, Semyon, Sukmyonyo, Sunchon, Sunchonxyang, Andong, Ulsan, Inxa, Chonnam, Chedjuxanna, Xangukyongsang, Xanrim, Xanyangyo kabi yetakchi universitetlari, ulardagi ta’lim yo‘nalishlari haqida yurtimiz yoshlariga batafsil ma’lumot berildi.
– Institutimiz iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar, global ma’rifiy loyihalar, xorijiy talabalarni qo‘llab-quvvatlash, koreys tilini bilishga oid test – TOPIK imtihonini o‘tkazish va boshqa ma’rifiy dasturlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi, – dedi Koreya Respublikasining Xalqaro ta’lim milliy instituti vakili Jeong Chang Yun. – O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganimizdan buyon 236 yigit-qiz institutimizning stipendiati bo‘ldi. Bunday stipendiya sohibi bo‘lish o‘qishga bo‘lgan intilish va ishtiyoqning kuchliligi, koreys tilini puxta bilish kabi jihatlarga bog‘liq.
Sun Mun universiteti rivojlangan davlatlarga xos bo‘lgan shovqin-suronli hayot tarzidan ancha olis bo‘lgan osuda Asan shahrida joylashgan. U Koreya Respublikasidagi eng yaxshi 70 oliy ta’lim dargohi reytingidan o‘rin olgan.
– Universitetimizda texnika, axborot texnologiyalari, muqobil energetika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ustuvor o‘rin egallaydi, – dedi mazkur universitetning xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Dong Xo Djun. – O‘quv dargohimizda o‘zbekistonlik yoshlar ham tahsil oladi. Ular intizomi, odobi, tirishqoqligi bilan yaxshi natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
O‘zbekistonlik Faxrinur Bozorov Sun Chongxyang universitetida logistika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Uning aytishicha, Koreyadagi universitetlarga kirish oson, biroq ularda ta’lim olish murakkab ekan. Belgilangan vazifalarni halol va qunt bilan bajarish, o‘qishga astoydil kirishish, bilimlarni puxta o‘zlashtirish kabi jihatlar bunda asosiy rol o‘ynaydi. Ayni paytda xorijda talaba bo‘lish Vatan, ota-ona, tug‘ilib o‘sgan maskan, oila, qadrdon xonadon qadriga yanada ko‘proq yetishga ham o‘rgatishi bilan ahamiyatlidir.
– Bunday ko‘rgazmalar xorijiy universitetlar haqida ko‘proq bilishga undaydi, – dedi Oydin Serjanova. – Koreya Respublikasidagi media va san’atga oid universitet haqida to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘ldim. Universitetdagi bakalavriat yo‘nalishlari ro‘yxatidan o‘zim uchun qiziqarli bo‘lgan sohani topdim.
Ko‘rgazma davomida grant dasturlari, bakalavriat va magistratura, til o‘rganish kurslari haqida ma’lumotlar, mutaxassislik sohasini tanlash bo‘yicha amaliy ko‘mak bo‘yicha yoshlarga batafsil ma’lumot berildi.
6 oktabrga qadar davom etadigan “Korea Week – 2019“ ma’rifiy tadbiri doirasida ko‘rgazmalar, konsertlar, tibbiyot, tadbirkorlik, ishlab chiqarish sohasi vakillarining muloqotlari, “Medical Korea – 2019“ tibbiyot ko‘rgazmasi, hamkorlikdagi to‘qimachilik texnoparkining ochilishi, yoshlar festivali, taekvondo bo‘yicha o‘smirlar chempionati, biznes maslahatlashuvlar va boshqa ko‘plab qiziqarli tadbirlar o‘tkaziladi.

 

Nazokat USMONOVA, O‘zA