O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliya Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Yaponiya hamda Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Ahmad Holid Elmiy, Santosh Ja, Timoti Torlot, Yoshinori Fujiyama va Izabel Servoz-Galluchchidan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari elchilarni O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab qolgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Besh yillik Harakatlar strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda, unga muvofiq joriy yil yurtimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e’lon qilingan.
Innovatsion texnologiyalar va yondashuvlar asosida zamonaviy sanoat korxonalari va infratuzilma yaratilmoqda, bank, moliya va soliq sohalarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatlarni hisobga qolish tamoyillariga asoslangan faol va konstruktiv tashqi siyosatni yuritmoqda.
Natijada bugungi kunda mamlakatimizning mas’uliyatli va ishonchli xalqaro sherik sifatidagi mutlaqo yangi imiji shakllandi.
Eng avvalo yaqin qo‘shnilar bilan do‘stlik munosabatlarini, birodarlik rishtalarini, strategik sheriklikni mustahkamlash Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan yangi siyosiy muhit yaratishga xizmat qildi.
BMT, MDH, ShHT, IHT kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faollashdi. Mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishiga qaror qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z so‘zida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi.
Afg‘oniston bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari kengayib, mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajadagi muloqot faollashgani o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, energetika, transport, logistika va kommunikatsiyalar, ta’lim sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda katta salohiyatga ega bo‘lgan o‘zaro munosabatlarni izchil rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishladi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil oktabrda Hindistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va joriy yil yanvar oyida “Jo‘shqin Gujarat-2019” sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar natijasida yangi amaliy mazmun bilan boyigan O‘zbekiston-Hindiston strategik sherikligida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.
Bugungi kunda farmasevtika, innovatsiya va axborot texnologiyalari, tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Joriy o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari – Amiti va Sharda universitetlari filiallari o‘z eshiklarini ochdi.
Prezidentimiz O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik turli darajalarda salmoqli faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Neft-gaz va kimyo sanoati, geologiya-qidiruv, moliya, axborot texnologiyalari va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ta’lim sohasida, jumladan, diyorimiz poytaxti va hududlarida Kembrij universiteti ishtirokida Prezident maktablarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik yuksak baholandi.
O‘zbekiston Yaponiya bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga muhim ahamiyat qaratmoqda.
Energetika, geologiya-qidiruv, avtomobil sanoati, transport, telekommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda Yaponiya kompaniya va banklari bilan kooperatsiya sur’ati ortib borayotgani ta’kidlandi.
Joriy yil dekabr oyida Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil oktabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya sherikligiga sifat jihatidan yangi mazmun bag‘ishlaganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Geologiya-qidiruv, quyosh energetikasi, kommunal xo‘jalik, turizm va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boshlandi. Madaniyat va san’at, fan va texnika, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Marosim so‘ngida Prezident Shavkat Mirziyoev yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik sa’y-harakatlari bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, diplomatik missiyalar rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida davlatlararo munosabatlarni izchil va samarali rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.
O’zA