Joriy yilning 18-sentyabr kuni Internetdagi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mahallalardagi masjidlar soni, diniy libosda yuradigan, soqol qoʻygan, missionerlik faoliyati bilan shugʻullanadigan hamda turli maqsadlarda chet elga ketgan fuqarolar sonini aniqlash boʻyicha savodsizlarcha yozilgan xabar joylashtirilib, yigʻilgan maʼlumotni ichki ishlar idoralari va mahalla jamgʻarmasiga taqdim etish koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, xabarda goʻyoki ushbu koʻrsatma Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan berilganligi aytilgan.
Shuni maʼlum qilamizki, bunday koʻrsatma va topshiriq Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan ham, Hukumat tomonidan ham berilmagan. Taʼkidlash kerakki, Hukumat rahbarining barcha koʻrsatma va topshiriqlari maxsus blankda chop etilib, imzo va muhr bilan tasdiqlanadi.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushbu uydirma va yolgʻon xabarni kim va qanday maqsadlarda tarqatgani yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur xabar soxta va uydirma boʻlib hech qanday asos hamda mantiqqa ega emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bunday mazmundagi soxta va yolgʻon xabarlarga eʼtibor bermasliklari va ogoh boʻlishlari soʻraladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining
Matbuot xizmati
O’zA