Mardlik va vatanparvarlikka undovchi nishon

11-sentyabr – “Mardlik“ ordeni taʼsis etilgan kun
Bugungi farovon hayotimizda kelajakka zoʻr ishtiyoq uygʻotayotgan, dunyoni hayratga solayotgan marralarni zabt etishimizda mard, fidoyi, vatanparvar yurtdoshlarimizning xizmati beqiyos. Ular safida oʻzini Vatanni himoya qilishga va ona yurt xizmatiga bagʻishlagan harbiy xizmatchilarimiz ham borligi eʼtiborga molik.
Taʼkidlash joizki, milliy armiyamizni shakllantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish, Vatan himoyasi yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan harbiylarni ragʻbatlantirish davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda.
Oʻz navbatida, harbiy xizmatchilarni maʼnaviy ragʻbatlantirish, hurmat koʻrsatish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilib, harbiy burchni bajarishdagi jasorati va mardligi, Vatanimiz mustaqilligini, sarhadlarini, ona yurt tuprogʻini himoya qilish, milliy xavfsizligimizni taʼminlashga katta hissa qoʻshgan fuqarolarimiz Prezidentimiz tomonidan orden va medallar, faxriy unvonlar bilan taqdirlanib kelinmoqda.
2012-yilda taʼsis etilgan “Mardlik”ordeni shu maqsad yoʻlidagi muhim qadamlardan boʻldi.
“Mardlik” ordeni bilan oʻzini Vatanni himoya qilishga va ona yurt xizmatiga bagʻishlagan, bunda mardlik hamda jasorat koʻrsatgan Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari va boshqa fuqarolari mukofotlanadi. Alohida hollarda esa “Mardlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi koʻzda tutilgan.
“Mardlik” ordeni 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi. Ordenning balandligi 50 millimetr, eni 41 millimetr, qalinligi 4,5 millimetr. Orden nishoni yigʻma, uning asosi tilla rang naqshinkor parchinlari boʻlgan koʻk emal hoshiyali shakldor geraldik qalqon koʻrinishida boʻlib, unga Oʻzbekiston Respublikasining birligi ramzi boʻlgan qavariq sakkiz qirrali yulduz biriktiriladi. Yulduz qirralari taram-taram boʻlib taralayotgan zarrin ovalsimon nurlar koʻrinishida bajarilgan.
Sakkiz qirrali yulduzga naqshinkor parchinlari boʻlgan, qavariq, qadimiy uslubda aks ettirilgan dumaloq sharqona qalqon koʻrinishidagi diametri 30 millimetrli qoplama medalyon biriktiriladi. Qalqonning har ikkala yon tomoni gʻalaba, shon-shuhrat va mukofot ramzi boʻlgan qavariq, tilla rangli dafna yaproqlaridan gulchambar koʻrinishida hoshiyalangan. Gulchambardan pastda tilla rang gardishli, oq emalli lenta koʻrinishida aks ettirilgan fonga “MARDLIK” ordeni nomi joylashtirilgan. Yozuv boʻrtma bosh harflar bilan toʻq qizil emalda bajarilgan.
Sharqona qalqondan yuqorida moviy rangda emallangan oltin hallangan yarim oy va yulduzli musamman – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining muqaddas ramzlari tasvirlangan. Musamman yonlarida sakkiz qirrali yulduz fonida milliy or-nomus va qadr-qimmat, ona yurtni himoya qilishga shaylik ramzi boʻlgan, oʻzaro koʻndalang kesishgan ikkita qadimiy sharqona qilich efesi (dasta belamagi), quyi tomonda esa, ularning uzun qayrilma tigʻlarining uchlari qavariqli tasvirlangan.
Orden nishoni kompozitsiyasini dala formali kiyimdagi askarning – Vatan himoyachisining hayot sarchashmasi ifodasi boʻlgan asosiy ramziy belgi – chor atrofga taralayotgan zarrin quyosh nurlari aks etgan oq rangli emal fonidagi qalqon markazida joylashgan boʻrtma, koʻkrakdan yuqori qismining yarim yon tomonlama olingan tasviri yakunlaydi.
Ordenning orqa tomonida diametri 22 millimetrli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qavariqli tasvirlangan. Pastki qismida ordenning raqami 2 millimetr oʻlchamdagi zarb qilingan shrift bilan yozilgan.
Yangi taraqqiyot oʻzanida dadil qadamlar bilan borayotgan xalqimiz ruhini koʻtarishda, zamonamiz qahramonlarini taqdirlash, yosh avlod ongida yanada kuch-gʻayrat, shijoat, ajdodlarimizga munosib voris boʻlish hissini uygʻotishda “Mardlik” ordenining taʼsis etilishini yurtdoshlarimizga koʻrsatilayotgan katta eʼtibor namunasi, deyish mumkin.
Shu maʼnoda “Mardlik” ordeni yoshlarimiz qalbida mardlik, halollik, fidoyilik fazilatlarini shakllantirishga asos boʻlib, milliy davlatchiligimizni yanada mustahkamlashga, bugungi islohotlarimizga daxldorlik hissi ortishiga xizmat qiladi.

 

Ulugʻbek ASROROV, OʻzA