Qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi

Toshkentda 10-sentyabr kuni “Xitoy Xalq Respublikasining qishloq xoʻjaligini isloh qilish boʻyicha tajribasi va uni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyati” mavzusida Oʻzbekiston – Xitoy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Anjumanda parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, shuningdek, XXR Xalq vakillari Umumxitoy majlisi delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat rahbarlarining muntazam tus olgan muloqotlari natijasida yangi bosqichga koʻtarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil aprel oyida “Bir makon – bir yoʻl” xalqaro forumi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida koʻplab yoʻnalishlar, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur konferensiya ham ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi uzviy muloqotning, sermahsul kelishuvlarning natijasi sifatida tashkil etildi.
Agrar sohani isloh qilishning oʻziga xos yoʻlini tanlagan Xitoy qishloq xoʻjaligida ulkan yutuqlarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur mamlakatning ilgʻor tajribasini joriy etish orqali Oʻzbekistonning agrar sohadagi salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyati mavjud.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilish, sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish, mahsulotni qayta ishlash tizimi va qoʻshimcha qiymatni shakllantirishni yanada takomillashtirishda sezilarli natijalarga erishilmoqda. Sohani rivojlantirish boʻyicha uzoq istiqbolli yangi vazifalar belgilab olingan. Xususan, asosiy oʻsish marrasi, iqtisodiyotning drayveri sifatida mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini 2020-2030-yillarda rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida minglab yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining real daromadini oshirishga erishiladi.
Anjumanda agrar tarmoqqa innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida urgʻu berildi. Maʼlumki, qishloq xoʻjaligiga innovatsion gʻoyalarni joriy etish XXR iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Agrar tarmoqni samarali isloh qilish va qishloq hududlarini rivojlantirish tufayli Xitoy ozuqa ekinlari, chorvachilik mahsulotlari, meva-sabzavot yetishtirish hajmi boʻyicha dunyoda yetakchi davlatga aylandi.
Iqtisodiyotning agrar sektorini modernizatsiya qilishda fan va texnologiyalar muhim oʻrin tutadi. Ishlab chiqarishni axborotlashtirish va intellektuallashtirish tufayli qishloq xoʻjaligiga agroinnovatsiyalarni joriy etish oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida dehqonlar daromadi ortishiga ham xizmat qiladi.
Konferensiyada mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish jarayonida suv xoʻjaligini yaxshilash masalasi ham muhim ekani taʼkidlandi. Zero, suv resurslari cheklanganligi muammosi Xitoy uchun ham, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Oʻzbekiston uchun ham dolzarb. Shu maʼnoda, sugʻorishning Xitoy amaliyotida sinovdan oʻtgan samarali usullari anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Anjumanda qishloq xoʻjaligini ekologik jihatdan rivojlantirish va agrar tarmoqda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi innovatsion biotexnologiyalarni, sohani monitoring qilish tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kabi boshqa bir qator masalalar ham muhokama etildi.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish, erkin savdo hududlarini rivojlantirish hamda erkin iqtisodiy zonalarning Oʻzbekiston mintaqalarini iqtisodiy rivojlantirishdagi oʻrnini oshirish lozimligi qayd etildi.
XXR Xalq vakillari Umumxitoy majlisi delegatsiyasi aʼzolari shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan ham uchrashdi.

 

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA