Oʻzbekistonning turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari Turkiyaning Nevshehir shahar hokimiyatiga tashrif buyurishdi

Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi, Mehmonxonalar assotsiatsiyasi, Gidlar uyushmasi, Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi rahbarlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari yoʻnalishida Turkiya Respublikasi bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish, bu borada qator kelishuvlarga erishishdan iborat.
Delegatsiya Turkiyaning Nevshehir (Kappadokiya) shahar hokimiyatida “KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasi raisi, shahar hokimi Rasim Ari hamda Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot uchun: Nevshehir havo sharlari bilan tanilgan Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri hisoblanib,har yili 3,5 mln.dan ziyodxorijiy turistlar tashrif buyurishadi, ichki turistlar soni 10 mln.ga yetadi, joylashtirish vositalarida jami 30 mingga yaqin oʻrin mavjud.
UchrashuvdaOʻzbekistonning turizm salohiyati hamda investitsion imkoniyatlari haqida maʼlumot berilib, Oʻzbekistonda turizmning yangi turlarini, jumladan ekstremal va yoshlar turizmini rivojlantirishda hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi.Nevshehir shahar hokimi Rasim Ari hamda Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer turizm sohasida hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagi borligini taʼkidlashdi.
“KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasiga aʼzo hisoblangan, havo shari parvozi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Atmosfer Balloons”kompaniyasida uchrashuv tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: “Atmosfer Balloons” kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2 ta havo shari bilan faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda 130 ga yaqin havo sharlari mavjud boʻlib, ushbu xizmatdan har kuni 4 mingdan ziyod turistlar foydalanmoqda.
Mazkur kompaniya rahbari Sevni Peker Oʻzbekistonda havo sharida muntazam parvozlarni tashkil qilish boʻyicha turizm klasterini yaratishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonda turizmning jozibadorligini oshirish, turizm turlarini koʻpaytirish va rivojlantirish borasida oʻzaro hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi va “Arhrodisias Ballons” kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

 

OʻzA