AQSH Rossiyaning yetakchi neft kompaniyasiga sanksiya joriy qilishi mumkin

AQSHning Venesuela boʻyicha maxsus vakili Elliot Abrams Vashington “Rosneft” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilishi mumkinligini maʼlum qilgan. Uning bayonotiga koʻra, “Rosneft” Venesuela nefti importini oshirib bormoqda.
vestifinance AQSHning Venesuela boʻyicha maxsus vakili bayonotidan iqtibos keltirgan. “Ha bu boʻlishi mumkin. Biz hozircha buni amalga oshirmadik. Ammo, koʻrinib turibdiki, “Rosneft” Venesuela bilan savdo-sotiqdan katta daromad olmoqda. Ular katta chegirmalar bilan yirik hajmlarda Venesueladan neft sotib olib, buning evaziga ularga qayta ishlagan neft mahsulotlarini sotmoqda. Yaʼni ular Venesuelaga yordam berish barobarida foyda ham koʻrmoqda. Qaysidir bosqichda “Rosneft” xatti-harakatlariga qarshi javob choralarini qoʻllash masalasini hal qilishimiz kerak“, degan AbramsElliot.
AbramsElliotning qayd etishicha, joriy yilda PDVSA (Venesuela davlat neftgaz kompaniyasi)ning Rossiya hukumati va “Rosneft”ga qaramligi oshib borayotgani kuzatilmoqda. “Venesuela oʻz neftini yirik hajmlarda “Rosneft” kompaniyasiga sotmoqda. Oʻz navbatida “Rosneft” Venesueladan olgan xomashyoni boshqalarga sotmoqda. PDVSAning bosh qarorgohi Moskvaga koʻchirilgani ham ikki mamlakatning oʻzaro aloqalari oʻsib borayotganidan dalolat, deb hisoblayman”, deya oʻz bayonotini izohlagan AQSHning Venesuela boʻyicha maxsus vakili.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, AQSH sanksiyalari tufayli avgust oyida Venesuela neft eksporti 16 yillik minimumgacha tushib ketgan. Oʻshanda Venesuela ijrochi vitse-prezidenti Delsi Rodriges Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv chogʻida “noqonuniy sanksiyalar” ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ochganini aytib oʻtgan edi.

 

OʻzA