Qoraqalpoqning tashrif qog‘ozi o‘rdada namoyish qilinadi

Xalqaro hunarmandchilik festivali

Qo‘qon shahridagi O‘rda maydonida qoraqalpoq hunarmandlarining amaliy san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalarini namoyish qiluvchi pavilon qad rostladi.

Qoraqalpoq kigiz va namatlaridagi bezaklarga hech e’tibor berganmisiz? Ular o‘ziga xos bo‘lib, naqsh texnikasi o‘zgacha, applikatsiya yo‘li bilan tushiriladi. Bezaklarning aksariyati to‘lqin ko‘rinishda. Bu qadimiy ornament hisoblanadi va suv ramzini ifodalaydi. Natijada qoraqalpoq hunarmandlari yaratayotgan buyumlar kishi ruhiyatiga vazminlik bag‘ishlaydi, mushohada yuritishga chorlaydi.

Qoraqalpoq xalqining nomoddiy madaniy merosi, turmush taqozosiga muvofiq dunyoga kelib, asrlar davomida shakllanib, sayqallanib, noyob hunar sifatida qadrlanib kelgan kulolchiligi ham qadim tarixga ega. Hatto, kulolchilik, gilamdo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi shu qadar rivojlanganki, qoraqalpoq zaminidagi eng qadimiy shaharlar – Xo‘jayli, To‘rtko‘l, Shobboz, Chimboyda bu hunar egalari ma’lum bir hududda yashagan. Ular yashagan hudud yo ko‘cha ham shu hunarmandlar nomi bilan kulolchilar, gilamdo‘zlar yo naqqoshlar ko‘chasi deb atalgan. Yurtimizda olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida topilgan kulolchilik osori-atiqalari bu hunarning kelib chiqishi olis tariximizga taalluqli ekanidan dalolat beradi.

Shuningdek, qadimiy xalq gilamdo‘zlik an’analari ko‘p avlodlarning ixtirochilik urinishlari natijasida rivojlanib, nihoyatda uzoq va keng ildizlarga ega. Qishloq joylarida asosan ayollar tomonidan uyda to‘qilgan gilamlar oddiy, lekin mukammal texnikada ishlab chiqilganligini anglatadi, shu tariqa ranglar, shakllar, nozik naqsh kombinatsiyalariga ega.

Istiqlol yillarida yurtimizda milliy hunarmandchilik taraqqiyotiga qaratilayotgan e’tibor tufayli yog‘och o‘ymakorligi san’ati ham jadal rivojlanmoqda. Usta-hunarmandlar tomonidan yuksak did va mahorat bilan tayyorlanayotgan bir-biridan bejirim va betakror mahsulotlar nainki yurtimiz, balki xorij davlatlarida ham yuqori baholanayapti.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrda imzolangan “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Allambergenova. – Ushbu hujjat e’lon qilingunga qadar Qoraqalpog‘istonda 330 nafar hunarmand uyushmaga a’zo bo‘lgan bo‘lsa, hozirda a’zolar soni 4 mingdan ortdi. Usta-hunarmandlarimizning mahsulotlari xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Singapur davlatida qoraqalpoq o‘tovlariga, Yevropada suvenir o‘yinchoqlar, milliy gilamchilik san’atiga qiziqish ortmoqda. Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro hunarmandchilik festivalida 46 nafar hunarmandlarimiz ishtirok etmoqda.

Qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri o‘tov – qora uy hisoblanadi. O‘tov Qoraqalpog‘istonning tashrif qog‘oziga aylangan, desak, ayni haqiqat. Chunki bu ko‘chmanchi xalqning boshpanasigina emas, balki o‘tmishi, tarixi va madaniyatining muhim bir qismi hamdir. Shu bois asrlar osha o‘tov tikish tadbiri asrab-avaylanib, san’at darajasiga ko‘tarilgan. Qora uy o‘zining qurilishi, ko‘rinishi bilan boshqa xalqlar o‘tovidan ajralib turadi. Festivalda Fayzullo va Mansur Nazarboev, Salomat Qublonboevlar ishtirokchilar ko‘z o‘ngida o‘tov qurilishini namoyish qiladi. Bu yerga ustalar tomonidan 12 ta o‘tov olib kelindi. Ustalarning aytishicha, bitta o‘tovni yasash uchun kamida ikki oy vaqt ketarkan.

Shumanay tumanilik Oltinoy Novbetova uch avlod hunarmandlar oilasining farzandi. Uning qo‘y, tuya junidan to‘qiyotgan gilamlari juda mashhur. Festivalda hunarmand ayol gilamning ko‘plab turlarini namoyish etish niyatida.

 

Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA