Buyuk Britaniyada hukumatni Breksitni uch oyga kechiktirish va Yevropa Ittifoqini shartlarsiz tark etmaslikka majburlovchi qonun loyihasi bugun kuchga kirishi kutilmoqda.
Mazkur hujjatga o‘tgan haftada Britaniya parlamentining har ikki palatasi ham ovoz bergan bo‘lib, qirolicha Yelizaveta II imzolagandan so‘ng qonun maqomini oladi.
TASSning yozishicha, hukumat rahbarida hujjatni imzolash uchun monarxga taqdim etmaslik imkoniyati bo‘lsa ham, Boris Jonson siyosiy inqirozni kuchaytirmaslik maqsadida muxolifat partiya tomonidan ilgari surilgan ushbu qonun loyihasiga qarshilik ko‘rsatmagan. Shunday Birlashgan qirollik bosh vaziri o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi.
Daily Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, Boris Jonson Konservativ partiya a’zolariga yozgan maktubida har qanday vaziyatda ham Bryusseldan Breksitni kechiktirmaslikni so‘ramasligini qayd etgan. “Hozir ular meni Breksit muddatini uzaytirishni Bryusseldan yolvorib so‘rashga majburlovchi hujjatni qabul qilishdi. Men esa buni hech qachon qilmayman”, deyiladi nashr Britaniya hukumati rahbaridan keltirgan iqtibosda.
Britaniya mahalliy siyosatchilari Boris Jonsonning ushbu bayonotini hukumat qonunni chetlab o‘tishga tayyor ekanligi bilan baholamoqda. Qirollik prokuratura xizmati sobiq rahbari Ken Makdonald “Sky News”ga bergan intervyusida bu sodir bo‘lsa Jonsonga qamoq jazosi xavf solishidan ogohlantirdi.
O‘zA