Qonlikoʻlda “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi

“Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!“
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonlikoʻl tumani markazida “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi.
Umumiy qiymati 1 milliard 400 million soʻm boʻlgan mazkur binoni “Nukus qurilish montaj” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari belgilangan muddatda sifatli qurib foydalanishga topshirishdi.
Ochilish marosimida taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi, boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Yangidan barpo qilingan muassasada Axborot-resurs markazi, ingliz, rus, matematika hamda “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” toʻgaraklari faoliyat olib boradi.
Bugungi kunda Qonlikoʻl tumanidagi 50300 nafar aholining 25848 nafarini oʻttiz yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil qiladi. Bu, aholining qariyb 50 foizi yoshlardan iborat ekanligini bildiradi.
– “Yoshlar markazi”ning foydalanishga topshirilishi bizga yanada shijoat bagʻishlaydi,-deydi tumandagi faol yoshlardan biri Sarbinoz Saparboyeva.-Ayniqsa, “Rus tili” toʻgaragining ochilishi men uchun ayni muddao boʻldi. Toʻgarakda rus va boshqa xorijiy tillarni chuqur oʻrganib, kelajakda Vatanim ravnaqiga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman.
– Tumanimizda chet tillarini oʻrganishga qiziquvchi yoshlar koʻp,-deydi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Bazargul Babajanova. –Xususan, qizim Alfiya Amangeldiyeva “ingliz tili” toʻgaragiga aʼzo boʻldi. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar farzandlarimizning kelajakda har tomonlama yetuk, xalqimizga munosib farzand boʻlib voyaga yetishishida muhim omil boʻladi.
Aytish joizki, markazning bunyod etilgani qonlikoʻllik yoshlar uchun mustaqilligimizning 28 yilligi hamda yangi oʻquv yiliga ajoyib tuhfa boʻldi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV(surat), OʻzA