Prezident Shavkat Mirziyoyev Moʻynoq tumanidagi madaniyat markazida qoraqalpogʻistonlik faollar bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, qoraqalpoq eliga samimiy hurmat-ehtiromini bildirdi.
– Sizlar bilan birgalikda katta harakat boshladik. Har bir hududning dardini bilaylik, har bir insonning ichiga kiraylik, ertangi kunga ishonchini uygʻotaylik deb chuqur islohotlarni amalga oshiryapmiz. Odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, – dedi Prezident.
Bu siyosat natijasi Qoraqalpogʻistonda ham yaqqol namoyon.
Orolboʻyi aholisi hayotini yaxshilash haqidagi gap-soʻzlar 50 yillardan beri bor. Lekin keyingi ikki yilda qilingan ishlar bir taraf.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, Orolboʻyida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Dengizning qurigan tubida himoya oʻrmonzorlari, Amudaryo deltasida kichik suv havzalari barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-fevraldagi qaroriga muvofiq Moʻynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirildi.
Prezidentimizning oʻtgan yili 15-noyabrdagi tashrifi chogʻida belgilangan vazifalar asosida hukumat dasturi qabul qilindi. Tuman markazida davlat xizmatlari markazi, amfiteatr, basseyn, sport zali, musiqa va sanʼat maktabi, tibbiyot maskani va boshqa obyektlar bunyod etildi. 20 ta koʻp qavatli uy-joy qurilmoqda.
Samimiy kechgan uchrashuvda Nukus shahri va barcha tumanlardan kelgan vakillar Moʻynoqdagi oʻzgarishlarga havas qilganini taʼkidlab, oʻz joylaridagi kamchilik va muhim masalalarni aytdi. Ularni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
– Katta imoratlar, zamonaviy texnikalar bilan maqtanish kerak emas. Aqlli, bilimli, fidoyi farzandlarni tarbiyalasak va ular Vatanga xizmat qilsa, eng katta boylik, baxt mana shu, – dedi davlat rahbari.