“Charm to‘p-2019”: Taxiatosh tumani yoshlari Respublika bosqichiga chiqdi

Yurtimizda yosh avlodni har jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘la namoyon etishlari uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotir.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab mahallalar yoshlari, xususan 18-30 yosh oralig‘idagi havaskor futbolchilardan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Charm to‘p” an’anaviy respublika turniri ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.
photo5380085337772108779.jpg
Ayni damda, joylarda ushbu turnirning uchinchi bosqichi nihoyasiga yetmoqda. Shuning barobarida, bayramona tarzda uyushtirilayotgan uchrashuvlar futbol ixlosmandlarida katta taassurot qoldirayapti.
14-15 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Charm to‘p-2019” an’anaviy turnirining uchinchi bosqichi Markaziy “Turon” stadionida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Musobaqada saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib kelgan 16 ta jamoa ishtirok etib, eng kuchlilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
photo5380085337772108780.jpg
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni Taxiatosh tumani, 2-o‘rinni esa Qo‘ng‘irot tumani yigitlari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli 3-o‘rin Nukus tumani jamoasiga nasib etdi. Shu tariqa Taxiatosh tumani jamoasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Respublika final bosqichiga yo‘llanmani ko‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotlar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

O‘zA