Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident farmoyishi qabul qilindi (03.08.2019y., F-5491). Bu haqda Adliya vazirligi rasmiy kanalida xabar berildi.
Farmoyishga koʻra, 2019-yil 5-avgustdan boshlab, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining yer uchastkalarini olib qoʻyish hamda koʻchmas mulk obyektlarini buzish ishlari quyidagicha 3 bosqichda amalga oshiriladi:
hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud boʻyicha materiallar toʻplami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari boʻyicha va moliyaviy hisob-kitoblar boʻyicha xulosalar tayyorlanadi;
xulosa Bosh vazirga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi.
Shuningdek, Farmoyish bilan:
yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar tarkibi;
xatlovdan oʻtkazishga koʻmaklashish uchun hududlarga biriktiriladigan masʼullar roʻyxati;
xatlovdan oʻtkazish hamda ularni qoplashda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Xatlovdan oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhga:
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zararlarni joylarga chiqqan holda xatlovdan oʻtkazib, ularning qonunchilikka muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy va adolatli miqdorini belgilash;
yetkazilgan zararlarni qoplashning aniq manbalari belgilanish, agar zarar mansabdor shaxsning noqonuniy qarori qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan boʻlsa – mazkur mansabdor shaxslardan regress tartibida undirib olish;
aybdor mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari koʻrish hamda qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilish vazifasi topshirildi.
Hukumat tomonidan bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinadi:
davlat dasturlari, yirik investitsiya va boshqa loyihalarni hududdagi koʻpchilik aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshirish;
yer uchastkalari olib qoʻyilishida ularda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining mulkdorlari bilan ochiq muhokamalar oʻtkazgan holda, birinchi navbatda, eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi obyektlari, shu jumladan foydalanilmayotgan obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalarini tanlab olish;
hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qoʻyish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qoʻyilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha yozma kelishuv tuzish.
Yer uchastkalari noqonuniy olib qoʻyilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Mazkur tartib farmoyishda koʻrsatilgan yer uchastkalarini olib qoʻyish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi Hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladi.
OʻzA