Joriy yil 30-iyulda Prezidentimizning “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Endilikda bu yoʻnalishda qanday oʻzgarishlar, yangiliklar boʻladi?
Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida shu haqda soʻz bordi.
Muhokamada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisi Shavkat Javlonov spiker sifatida qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, farmon bilan odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi. Milliy komissiya davlat organlari va hududiy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining odam savdosi, majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi. Milliy qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish maqsadida ayni sohada davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqadi. Jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qoʻyish amaliyotini oʻrganadi. Maqsad aniq va juda muhim – odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirish, bu boradagi ishlarni tizimli tahlil qilish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga real yechim topish.
Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov taqdim etgan maʼlumotga koʻra, 2017-yilda mamlakatimizda odam savdosi bilan bogʻliq 300 dan ortiq jinoyat sodir etilgan.
Statistika bu boradagi jinoyatlar soni kamayib borayotganidan dalolat bersa-da, odam savdosi muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shu maʼnoda, vazir Milliy komissiyaga kiritiladigan takliflar ham, komissiyaning oʻzi amalga oshirishi kerak boʻlgan ishlar ham juda koʻp ekanini alohida taʼkidladi.
Qayd etilishicha, odam savdosi koʻproq xotin-qizlarni oʻz girdobiga tortmoqda. Buni raqamlar ham isbotlaydi. 2018-yilning oxiri va 2019-yilning olti oyida odam savdosi bilan jinoyat sodir etgani uchun 70 nafar shaxs sudlangan. Ularning 55 nafari ayollar ekani achinarlidir.
Mazkur illat bilan bogʻliq jinoyatning yana bir asosiy “auditoriyasi“ mehnat muhojirlari ekani yaxshi maʼlum. Bugungi kunda chet elda 2 million 600 mingga yaqin oʻzbekistonlik mehnat qilmoqda. Ammo odam savdosi yoki majburiy mehnatning oqibatlari inson, jamiyat va davlatga ancha qimmatga tushishini unutmaslik kerak.
– Ayni paytda mamlakatimizda 81 xususiy bandlik agentligi faoliyat yuritmoqda, ularning 60 dan ortigʻi Oʻzbekiston fuqarolarini chet elda ishga joylashtirish boʻyicha litsenziyaga ega, – dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev. – Ammo ular tomonidan rasmiy ravishda ishga joylashganlar soni 3-3,5 mingdan ortmayapti. Bu tizim biz uchun yangi. Shuning uchun odamlarga tanish-bilishdan koʻra, xususiy bandlik agentliklari orqali pul toʻlab xorijga ketish ishonchli va xavfsiz ekanini tushuntirishimiz kerak.
Vazirning maʼlum qilishicha, fuqarolarimizning huquqlari va mehnat faoliyatini muhofaza qilish maqsadida maxsus fond tashkil etilgan. Mazkur fond koʻmagida oʻtgan yili Rossiya Federatsiyasi IIV Vaqtinchalik saqlash markazlarida ushlab turilgan 1314 oʻzbekistonlik fuqaro mamlakatimizga olib kelindi. Shuningdek, yaqin vaqt oraligʻida qonunchilikka ham oʻzgartirishlar kiritilishi koʻzda tutilmoqda. Bu oʻzgartirishlarda fuqarolarni yoki xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgan masʼul shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan. Hozircha Oʻzbekistonda bunday vaziyatlarda eng kam ish haqining 3 barobarida maʼmuriy jazo qoʻllaniladi.
Feruza KARIMOVA, OʻzA