Oʻzbekiston Prezidenti Minskka keldi

Minsk, 31-iyul. OʻzA maxsus muxbiri Matnazar ELMURODOV xabar qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 31-iyul kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.
“Minsk” milliy aeroportida oliy martabali mehmonni Belarus Respublikasi Bosh vaziri Sergey Rumas, tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Davlatimiz rahbari Belarus rasmiy taomiliga binoan Minsk shahridagi Gʻalaba monumenti poyiga gulchambar qoʻydi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul askarlarining tantanali marshi boʻlib oʻtdi.
Gʻalaba monumenti mamlakat poytaxti ramzlaridan biridir. Yodgorlik Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalaba hamda fashizmga qarshi kurashda jon fido qilganlar xotirasiga atab 1954-yilda bunyod etilgan.
Tashrifning asosiy voqealari 1-avgustga moʻljallangan.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Minsk shahridagi Mustaqillik saroyida tor va keng doirada muzokaralar oʻtkazadi. Ushbu muzokaralarda 2018-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Belarus oliy darajadagi muloqotining davomi sifatida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Muloqotlar yakuni boʻyicha davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti imzolanishi hamda Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladigan salmoqli hujjatlar toʻplami qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur kelishuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasida investitsiyalar, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik kooperatsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga, hududlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga mustahkam asos yaratadi.
Tashrif dasturidan Prezidentlarning Minskda ochilgan Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi va Belarus yuqori texnologiyalar parki bilan tanishuvi ham oʻrin olgan.

 

O’zA