Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot toʻgʻrisida

24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan telefon orqali muloqot qildilar.
Suhbat avvalida Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarda bugungi yuksak darajaga erishishga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Kuni kecha Anqara shahrida boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va Oʻzbekiston-Turkiya biznes forumi natijalari samarali boʻlgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli yoʻnalishlarda, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish borasida tomonlarning intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.
Davlatlarimiz rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, boʻlajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.

 

OʻzA