Prezident maktablariga asosiy qabul imtihonlari oldinda

Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida Prezident maktablariga asosiy qabul imtihonlari 21-24-iyul kunlari boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligida bu jarayonga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
“Cambridge Assessment International Education” (Buyuk Britaniya) tashkiloti 29-iyundan 2-iyulga qadar Prezident maktablariga saralash imtihonlarini oʻtkazgan edi. Bu saralash imtihonlarida 28 ming 452 oʻquvchi bilimini sinovdan oʻtkazdi. Ularning 27 ming 471 nafariga asosiy imtihonda ishtirok etish uchun ruxsat berildi. 981 oʻquvchi hujjatdagi kamchiliklari tufayli imtihon topshirishga tavsiya etilmadi.
“Cambridge Assessment International Education” (Buyuk Britaniya) tashkiloti 16-iyul kuni saralash bosqichi jarayonlarini oʻz veb-saytida eʼlon qildi.
Saralash imtihonlari natijalariga koʻra, bir xil ball toʻplash holati yuzaga kelganda, yaʼni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball toʻplagan vaziyatda imkoniyat “S“ toifasidagi savollarga koʻproq ball yiqqanlarga, keyin esa “B“ toifasidagi savollarga koʻproq ball toʻplaganlarga berildi. Nomzodlar barcha toifadagi savollar boʻyicha bir xil umumiy va teng ball toʻplagan holatda ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralandi. Bunda yoshroq nomzod afzal koʻrildi.
Saralash imtihoni natijasiga koʻra, 11 ming 520 oʻquvchi 21-24-iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva, Toshkent shaharlarida tashkil etiladigan Prezident maktablarining asosiy qabul imtihonlarida qatnashadi. Bu imtihonlar ham “Cambridge Assessment International Education” tashkiloti tomonidan tashkil etiladi.
Imtihon jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida saralash bosqichida boʻlganidek, imtihon oʻtadigan joylarda nomzodlarning ota-onalari va yaqinlari uchun kuzatuv monitorlarida onlayn translyatsiya olib boriladi. Imtihonlarning asosiy bosqichi axborotni tahlil etish va solishtirish qobiliyatini aniqlash boʻyicha (16 ta masala), mantiq elementlari boʻlgan matematika (24 ta masala) hamda ingliz tili (55 ta test savoli) fanlaridan iborat boʻladi.
Oʻquvchi ballining asosiy qismini (80 foizini) tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yigʻishi mumkin. Ballarning faqat 20 foizigina ingliz tili faniga toʻgʻri keladi. Nomzodlar istagiga koʻra, imtihon savollari ingliz yoki oʻzbek tilida berilishi mumkin.
Yuqori sinf oʻquvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati qariyb 40 foizdan ziyod boʻlishi kutilmoqda. Sababi ular kelgusida xorijlik oʻqituvchilar oʻtadigan STEAM – fanlarni oʻrganish uchun yetarli salohiyatga ega boʻlishi zarur.
“Cambridge Assessment International Education” tashkiloti qaroriga koʻra, nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyatsiyaga berish hamda imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas.
Teng natijalar yuzaga kelgan hollarda, yaʼni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball toʻplagan vaziyatda (“Ingliz tilidan test“, “Muammoni yechish va tanqidiy fikrlash testi“ bilan birgalikda), quyidagi tartibda har bir fan boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan nomzod tanlab olinadi:
1. “Muammoni yechish“ tarkibi boʻyicha ball
2. “Tanqidiy fikrlash“ tarkibi boʻyicha ball
3. “Ingliz tilida oʻqish“ tarkibi boʻyicha ball
4. “Ingliz tilida tinglash“ tarkibi boʻyicha ball
5. Tugʻilgan sanasi boʻyicha ( yoshroq nomzod tanlanadi)
Oʻqishga kirgan talabgor Prezident maktabida oʻqishni rad etsa yoki birinchi chorak davomida oʻqishni tark etsa, roʻyxatdagi eng yuqori ball toʻplagan, lekin oʻqishga kira olmagan nomzod boʻshagan oʻringa taklif etiladi.
Eslatib oʻtish joizki, asosiy imtihonlar natijasiga koʻra, har bir sinfga 24 oʻquvchi qabul qilinadi. Yaʼni, har bir maktabning 5-10-sinflariga 144 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi.
Shu bilan birga hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligi imtihon natijalariga koʻra, Prezident maktabiga qabul qilinmagan bir guruh oʻquvchilarni ixtisoslashgan maktablarga imtihonsiz qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa yoshlarning yanada puxta bilim olishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.

 

N.USMONOVA, OʻzA