Yangi zavodlar ishga tushirilib, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi.
Agrar tarmoqda sifat va samaradorlikni texnika taʼminlaydi. Lekin oʻnlab yillar mobaynida turli qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va chuqur mahalliylashtirishga yetarli eʼtibor berilmagani oqibatida texnika parkining yillik yangilanish darajasi 2-3 foizdan oshmas edi. Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi ham ishlamay, bino va liniyalari qarovsiz boʻlib qolgandi.
Prezident tashrifi bu zavodga katta oʻzgarishlar olib keladi. Uning negizida yangi zavodlar ishga tushirilib, tom maʼnoda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi.
Jumladan, lokalizatsiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida bu yerda 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Ulardan biri umumiy qiymati 42 million dollar boʻlgan metall quyish korxonasidir. Zavodning 3 gektarlik boʻsh turgan binosida tashkil etiladigan korxonada yiliga 47 ming tonna xalqaro talablarga javob beradigan, yuqori aniqlikdagi metall qismlar quyiladi.
1.jpg
Davlatimiz rahbari ushbu korxona uchun moʻljallangan binoni kirib koʻrdi.
– Mashinasozlik korxonalari uchun metall quyish quvvati – eng muhim masala. Usiz mahalliylashtirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish va tannarxini pasaytirishga erishib boʻlmaydi. Bu korxonalarni ishga tushirsak, texnikalarimiz raqobatbardosh boʻladi, fermerlarimizga hamyonbop mahsulotlar yetkazib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 24 million dollar boʻlgan yana 4 ta loyiha transmissiya vallari, gʻildirak disklari, kabinalar va mahkamlovchi temir buyumlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaratilgan.
Ushbu loyihalarni ishga tushirish natijasida sohada mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkaziladi, mahsulot tannarxi 32 foizga va import yiliga 116 million dollarga kamayadi.
Shuningdek, bu yangi quvvatlar nafaqat “Oʻzagrotexsanoatxolding” korxonalari, balki “Oʻzavtosanoat” tizimida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, yuk transportlari va avtobuslar uchun ham butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida yetkazib berishni taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirib, kelgusi yil ishga tushirish zarurligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev traktor yigʻish va payvandlash sexlari, “OʻzKlaasAgro” Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Ularda lokalizatsiya darajasini oshirish, yangi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
2.jpg
3.jpg
4.jpg
5.jpg
6.jpg
7.jpg
8.jpg
9.jpg

 

OʻzA