Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi aholini atrof-muhit muhofazasiga jalb qilish masalalariga bagʻishlab anjuman oʻtkazdi.
5-iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda asosiy eʼtibor insoniyat salomatligi uchun katta xavf yuzaga keltirayotgan sanoat, transport, chiqindilardan atmosfera havosiga tarqalayotgan zararli moddalarni kamaytirish borasida olib borilayotgan ishlar natijasiga qaratildi.
Maʼlumki, qum-tuz boʻronlari va boshqa tabiiy jarayonlar tabiatga jiddiy zarar yetkazmoqda. BMT maʼlumotiga koʻra, har yili 7 millionga yaqin odam ifloslangan havodan nafas olishi tufayli vafot etadi. Jahon banki esa mamlakatlarning havo ifloslanishidan koʻrayotgan zarari 5 trillion AQSH dollarini tashkil qilayotganini taʼkidlamoqda. Shifokorlar fikricha, havoning keskin ifloslanishi oqibatida insonda astma singari surunkali kasalliklar rivojlanib, bolalarning aqliy rivojlanishi pasaymoqda.
Tadbirda mazkur holatlarning oldini olish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, oʻsib kelayotgan yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni shakllantirish hamda rivojlantirish, ekologik taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida Ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ayni paytda mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda.
Xususan, Orol dengizining suvi qurigan tubidan koʻtarilayotgan qum, tuz va chang zarralarining salbiy taʼsirini kamaytirish, ushbu hududlarda choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar“ – himoya oʻrmonzorlari barpo etish samarali tashkil etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kelgusida bu yerda 500 ming gektar maydonda himoya oʻrmonzorlari barpo etilishi koʻzda tutilgan.
Hozirda Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar boʻlgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish Milliy konsepsiyasini ishlash boʻyicha samarali ishlar olib borilmoqda. Atrof-muhit holatining joriy tahlili, global va mintaqaviy masalalar, yangi ekologik xavflar mamlakatimiz tarixida birinchi mazkur hujjatni ishlab chiqishni taqozo etdi. Ekologik muammolarning tobora global ahamiyat kasb etib borayotgani inobatga olinib, soʻnggi yillarda muhim ustuvor vazifalar bilan bir qatorda atrof-muhit muhofazasi, ekologik madaniyat, ekologik taʼlim-tarbiya masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda.
Tadbirda jurnalistlar mazkur masala yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA