Yer aholisi soni 2019 yilda 7,7 milliardga yetdi. 2050 yilda esa 9,7 milliard nafarga yetishi mumkin, deyiladi BMT Bosh kotibi ma’ruzasida.
Aholi sonining o‘sishi umr ko‘rishning uzaygani, tug‘ilishning kamaygani hamda jadal urbanizatsiya jarayoni bilan bog‘liq, deyiladi BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida ish boshlagan 51-sessiyada Aholi va rivojlanish komissiyasiga taqdim etilgan ma’ruzada.
Hozirda dunyoda tug‘ilishning o‘rtacha darajasi bo‘yicha bir ayolga 2,5 nafar bola to‘g‘ri kelmoqda. 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,4 nafarga to‘g‘ri keladi.
Umumiy aholi sonida 65 va undan katta yoshlarning ulushi ortmoqda. Hozirda ularning 19 foizi Yevropaga, 16 foizi Shimoliy Amerikaga to‘g‘ri keladi. 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 28 va 23 foizni tashkil etadi. Bu davrga kelib, keksa yoshlilar ulushi Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlarida hozirgi 8 foizdan 18 foizgacha ortadi. Eng yosh aholiga ega bo‘lgan Afrikada 2050 yilda keksa yoshlilar umumiy aholining 9 foizini tashkil etadi.
Hozirda dunyo aholisining taxminan 56 foizi shaharlarda istiqomat qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2030 yilga kelib 60 foizni, 2050 yilda 68 foizni tashkil etishi mumkin.
So‘nggi 25 yil ichida butun dunyo bo‘yicha aholining kun kechirish sharoiti ancha yaxshilangan. Qashshoqlikda kun kechiruvchilar soni sezilarli darajada kamaygan, onalar o‘limi 40 foizga kamaygan, umr ko‘rish davomiyligi o‘sgan. 1994 yildan 2019 yilgacha besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 54 foizga kamaygan. Dunyo bo‘yicha umr ko‘rish davomiyligi o‘sib, 1994 yildagi 64,9 foizdan 2019 yilda 72,3 foizga ko‘tarilgan. 2030 yilda bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshishi taxmin qilinmoqda.
G.Azimova, O‘zA