Birlashgan Arab Amirliklariga oliydarajadagi tashrif yakunida qabul qilingan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish boʻyicha asosiy vazifalar belgilab berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni oʻtgan hafta Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrif doirasida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Abu-Dabi va Dubay shaharlarida Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, BAA Vitse-prezidenti, Bosh vazir, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum hamda ushbu mamlakat hukumati aʼzolari va qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

Ikki tomonlama tadbirlar yakunida Qoʻshma bayonot hamda qator muhim kelishuvlar, jumladan, umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod boʻlgan istiqbolli investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolandi.

Ushbu kelishuvlar innovatsiyalar, neft-gaz tarmogʻi, anʼanaviy va muqobil energetika, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim kabi oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qamrab olgan.

Taʼkidlash joizki, tashrif davomida BAAning oliy darajadagi rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlarni bir necha bor eʼtirof etib, ularni toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Amirliklar ishbilarmon doiralari mamlakatimizga tobora katta qiziqish bildirayotgani Oʻzbekistonga ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yigʻilishda Prezidentimiz erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida va soʻzsiz ijrosini taʼminlash lozimligini qayd etib, qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni samarali usul va mexanizmlarni joriy etgan holda darhol boshlash muhim ekanini taʼkidladi.

BAAning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshiriladigan ustuvor qoʻshma loyihalar sifatida “Navoiy” quruqlik porti va erkin iqtisodiy zonasini rivojlantirish, mamlakatimizda uglevodorodlar qazib olishni koʻpaytirish va ularni chuqur qayta ishlash, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa IESlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini, Sirdaryo viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini barpo etish va boshqalar belgilandi.

Bundan tashqari, agrosanoat klasterlarini tashkil etish va mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi eksport salohiyatini yuksaltirish, Samarqand shahrida turizm va kommunal infratuzilmani, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini, jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida taʼsis etilayotgan nizom jamgʻarmasi 1 milliard dollar boʻlgan investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini jalb etgan holda qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi.

Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi va Al Xalifa universiteti bilan koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida BAAda oʻz vakolatxonasini ochadi.

Davlatimiz rahbari “yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, tarmoq kompaniyalari rahbarlariga eng qisqa muddatda investitsiya loyihalarining tarmoq jadvalini tasdiqlash va ularni amalga oshirishni boshlash, oliy darajada erishilgan Oʻzbekiston – BAA kelishuvlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish vazifasi qoʻyildi.

 

OʻzA