Xalqimiz uchun munosib sharoit yaratish, hududlarning sanoat salohiyatini yuksaltirish – asosiy maqsadimiz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 mart kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida barcha sohalarni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalarni belgilab bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirildi. Yangi uy-joylar, sanoat korxonalari, ijtimoiy obyektlar bunyod etildi.Mahalliylashtirish darajasi va eksport hajmi oshdi. Transport va servis infratuzilmasi rivojlanib, sayyohlar oqimi koʻpaydi. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmagan imkoniyatlar ishga solindi.
Prezidentimiz viloyatga bu galgi tashrifini Abduxoliq Gʻijduvoniy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshladi.
Abduxoliq Gʻijduvoniy 1103 yili Gʻijduvon shahrida tavallud topgan. Alloma islom olamida mashhur tasavvuf namoyandasi Yusuf Hamadoniydan taʼlim olgan. Buxoro zaminidan yetishib chiqqan “Yetti pir”ning birinchisi hisoblangan alloma mangu orom topgan maskan bugungi kunda tabarruk ziyoratgohga aylantirilgan.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 16 fevral kuni viloyatga tashrifi chogʻida Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fagʻnaviy, Sayyid Amir Kulol meʼmoriy majmualarini oʻz ichiga olgan “Yetti pir” ziyoratgohini zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish va ularni bogʻlovchi yangi sayyohlik yoʻnalishi tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Shunga muvofiq, “Yetti pir” ziyoratgohlarida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Abduxoliq Gʻijduvoniy majmuasida yangi masjid va yozgi ayvon, xazira yodgorligi va ziyoratgoh qoshida mehmonxona qurilmoqda, majmua atrofi obodonlashtirilmoqda.
Abduxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi ziyorat etilib, Qurʼon tilovat qilindi.
Prezidentimiz maqbarada amalga oshirilgan qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi. Bu yerga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalarimiz maʼnaviy merosini chuqur oʻrgatish, xalqimizga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Kitobda oʻqish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan oʻtkazib oʻrganish boshqa. Bu joy maʼrifat markazi boʻlishi, odamlar oʻziga ilm olib ketishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda “Yetti pir” ziyoratgohlarida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari haqida maʼlumot berildi.Mazkur maqbaralardagi bunyodkorlik ishlari ulugʻ allomalarimiz merosini jahonga keng targʻib etish va bu yerga keluvchilar uchun barcha qulaylik yaratish maqsadida yagona konsepsiya asosida olib borilmoqda. Barcha ziyoratgohlar atrofi oʻralib, tahoratxona, masjid, muzey, mehmonxona, choyxona, avtomobillar toʻxtash joylari, esdalik buyumlar va kitob savdo rastalari barpo etilmoqda, hududi toʻliq obodonlashtirilmoqda.
Eng muhimi, Prezidentimiz gʻoyasi asosida “Yetti pir” majmualarini ziyorat qilish bitta yoʻnalishdan boshlanadi. Yaʼni viloyatga havo, temir yoʻl va avtomobil transportida kelgan sayyohlar ziyoratni Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy yodgorlik majmuasidan boshlaydi.
Davlatimiz rahbari bu maskanlarni obod qilish bilan birga, “Yetti pir” haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targʻib etish zarurligini taʼkidladi.
Bunday maʼnaviy xazina boshqa hech qayerda yoʻq. Bu xazinani mukammal oʻrganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz yoshlarimiz oʻzimizning allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin, dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimizda maʼrifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar maqbaralarini obod qilishga qaratilayotgan eʼtibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilindi.
Prezidentimiz bu sanaga yuksak darajada tayyorgarlik koʻrish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz 2017 yili Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida Gʻijduvon tumanidagi sobiq ip-yigiruv fabrikasining boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan unumli foydalanish, Gʻijduvon erkin iqtisodiy zonasini ushbu hududda joylashtirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar bergan edi.
“Parvoz Humo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sobiq fabrikaning 9 gektardan ziyod maydonida qisqa muddatda yirik loyiha – ip-yigiruv korxonasi tashkil etildi.
Umumiy qiymati 27 million AQSH dollari boʻlgan fabrika uchun Ipoteka bank filialidan ajratilgan kredit evaziga Germaniya, Turkiya, Shveysariya, Yaponiya va Hindistondan zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Masʼuliyati cheklangan jamiyat oʻz mablagʻi hisobidan bino va inshootlarni qayta qurib, rekonstruksiya qildi.
Davlatimiz rahbari mazkur ip-yigiruv va toʻquv korxonasini borib koʻrdi.
Joriy yil yanvarda ishga tushirilgan korxona yiliga 9400 tonna mahsulot ishlab chiqarish, 5 million dollarlik eksport qilish quvvatiga ega. Xalqaro andozalarga mos sifatli mahsulot ichki bozorga va xorijiy buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Qariyb 33 milliard soʻmlik ip-kalava sotilib, 1,1 million dollarlik mahsulot Rossiya, Turkiya, Polsha va Moldovaga eksport qilindi. Ayni paytda korxona Turkiyada savdo uyi tashkil etib, mahsulot eksporti boʻyicha xorijiy sheriklar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bu loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, ikkinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yanada kengaytirilishi, eksport yiliga 51 million dollarga, ish oʻrinlari 1 ming 250 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev korxonada ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Yaqinda AQSH Oʻzbekiston paxtasini sotib olishga taqiqni bekor qilganini, bu mamlakatimiz paxta yetishtiruvchilarining Amerika bozoriga toʻlaqonli kirishiga, xorijiy nufuzli kompaniyalar bilan biznes aloqalarni kengaytirishiga yoʻl ochib berganini taʼkidladi.
Endigi navbat – paxtamizni chuqur qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar eksportini yanada oshirish choralarini koʻrishimiz zarur, dedi Prezidentimiz.
Shu yerda Buxoro viloyatining sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Viloyatda 2019-2020 yillarda sanoat sohasida amalga oshiriladigan yirik loyihalar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi past tumanlar salohiyatini oshirish, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj, qurilish materiallari, tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish, yurtimizning Xitoy, Indoneziya va Isroildagi elchixonalari bilan investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ularga muvofiq, viloyatda paxta, meva-sabzavot, teri, jun va kimyo mahsulotlarini qayta ishlash hajmini koʻpaytirish, sanoat salohiyatini 3 barobar oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Vobkent tumanida 136 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tumanda oʻtgan yili bir qator kichik biznes subyektlari ish boshladi. “Ekvatorial chodak group” korxonasi – shulardan biri.
Korxonani tashkil etishda Milliy bankning 3 million dollar krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar mablagʻi sarflandi.
Korxonaga Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan turli operatsiyalarni bajara oladigan va ishni konveyer asosida tashkil etish imkonini beradigan 500 dan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda dastgohlar keltirilib oʻrnatilgan. Yiliga 1 million 500 ming donagacha jinsi shim ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ayni kunda korxonada 500 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ishchilarning samarali mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Oshxona faoliyati va olisdan qatnab ishlovchilar uchun transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi koʻp omillarga, jumladan, barcha texnologik jarayon korxonaning oʻzida bajarilishiga ham bogʻliq. Korxonada kiyim-kechakni boʻyash va qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Qolaversa, sexda viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida ularning mahsulotlarini boʻyash hamda xizmat koʻrsatish hisobiga qoʻshimcha foyda olinadi. Yaqinda ish boshlagan poyabzal sexi Italiyaning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. Yiliga bozorga 600 ming juft mahsulot yetkazib beradi. Loyiha quvvati toʻla oʻzlashtirilgach, ishchi-mutaxassislar soni qariyb mingtaga yetadi.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonini, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlardan maqsad xalqimizni rozi qilish, aholini ish bilan taʼminlash ekanini taʼkidladi.
Shu yerda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz Buxoro tumanidagi “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 iyuldagi qaroriga muvofiq viloyatning beshta tumanida “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Ularda gidroponik issiqxonalar barpo etish orqali eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish moʻljallangan.
Erkin iqtisodiy zona uchun 3 ming gektar yer ajratilgan. Joriy yilda 598 gektar yerda 98 ta loyiha amalga oshiriladi.Ular doirasida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etilib, mahsulotlarni saqlash va qadoqlash uchun ekologik toza qutilar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, 4 ming 300 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Qoʻshni davlatlarga 64 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
Shu yerning oʻzida “Agro Trade” meva-sabzavotchilik klasterini tashkil etish, “Buxoro Varnet” xorijiy korxonasi, “Banoaz Textil”, “Rus Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan issiqxona barpo etish loyihalari taqdimotlari ham oʻtkazildi. Xususan, “Buxoro Varnet” xorijiy korxonasi tomonidan 115 gektar maydonda zamonaviy issiqxona qurish rejalashtirilgan. Bir gektar yerda 300 tonnadan 560 tonnagacha pomidor yetishtiriladi, 2 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Joriy yilda 30 gektarlik issiqxonalar qurish koʻzda tutilgan. Bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Turkiyadan uskunalar keltirilmoqda. Korxona 2019-2021 yillarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Tadbirkorlar – Oʻzbekistonning tayanchi. Harakat qilgan baraka topadi. Tadbirkorlik rivojlansa, koʻplab odam ishli boʻladi, daromad oladi, dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatida oʻzlashtirilmagan yerlar koʻpligi, xorij tajribasi va texnologiyasi asosida ulardan foydalanib, bozorbop mahsulotlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish kerakligini taʼkidladi. Mutasaddilar va xorijlik investorlar bilan suhbatlashib, zarur koʻrsatma va tavsiyalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi “BCT Cluster” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Qishloq xoʻjaligida klaster tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida mazkur korxona uchun 8 ming gektar yer ajratilgan edi. 3 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanib, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Birgina 2018 yilda 20 ming tonnadan ziyod xomashyo yetishtirilib, uni qayta ishlash natijasida 61,5 million dollarlik daromad olindi.
Eʼtiborlisi, korxonaga dastlab qariyb 75 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan edi. Yaʼni sarflangan mablagʻ bir yildayoq oʻzini deyarli oqladi.
Yana bir jihati: shuncha paxta tola sifatida sotilganda 11,5 million dollar boʻlardi. Qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotilganda 50 million yoki 6 barobar koʻp qoʻshimcha qiymat yaratilgan.
Mana, klaster qanday boʻlishi kerak. Tadbirkorda manfaatdorlik tuygʻusi, yangicha dunyoqarash boʻlsa, albatta, natijaga erishadi. Iqtisodiyot ishlasa, ijtimoiy sohalarniyam “tortadi”. Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Eng katta maqsadimiz ham shu, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umuman, klaster paxta xomashyosi yetishtirish, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotlargacha boʻlgan 8 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Ip-kalava va mato ishlab chiqarish, ularni boʻyash, tayyor kiyim tikish fabrikalari qurilishi davom etmoqda. Shuningdek, yogʻ-moy zavodi, chorvachilik kompleksi va ozuqa ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu yerda Buxoro viloyatida pillachilik, qorakoʻlchilik, baliqchilik va tomorqachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, zamonaviy uzumchilik, limonchilik klasterlari tashkil etish, sugʻorish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, fermer xoʻjaliklarini yoqilgʻi va mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid ishlar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, Qorovulbozor tumanidaaholi tomorqasidan samarali foydalanishning namunali tizimini yaratish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. “Qorovulbozor tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan loyiha doirasida 3 mingdan ortiq xonadonda mevali bogʻ tashkil etish, ixcham issiqxonalar qurish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, 2 ming 500 dan ortiq xonadonga quyon, parranda, naslli qoramol yetkazib beriladi.
Davlatimiz rahbari tomorqadan samarali foydalanishga oid rejalarga alohida eʼtibor qaratib, aholiga amaliy koʻmak berish zarurligini, bu oziq-ovqat mahsulotlari moʻl-koʻlligi va arzonligi, bozorlarda narx-navo barqaror boʻlishida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

Matnazar Elmurodov, Ziyodulla Jonibekov, Umar Asrorov, OʻzA maxsus muxbirlari