Vazirlar Mahkamasiga Bosh vazir boshchilik qiladi va o‘z faoliyatida Prezident va Oliy Majlis oldida javobgardir.
Hukumat qarorlari bilan Vazirlar Mahkamasining Reglamenti (242-son, 22.03.2019) hamda Vazirlar Mahkamasining apparati to‘g‘risidagi nizom (245-son, 25.03.2019) tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Mazkur hujjatlar Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni o‘z vaqtida, aniq va to‘liq hajmda amalga oshirish Apparatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Apparatning ustuvor vazifalari har yili Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda ham belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasiga Bosh vazir boshchilik qiladi va o‘z faoliyatida Prezident va Oliy Majlis oldida javobgardir.
Bosh vazir davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi va yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha kelishilgan qarorlar qabul qiladi.
Vazirlar Mahkamasi apparati va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi Hukumat qarorlari bilan tasdiqlanadigan nizomlar bilan belgilanadi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z ishini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hisoblangan hujjatlari qarorlar shaklida, tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlari farmoyishlar shaklida qabul qilinadi.
Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining tadbirkorlik faoliyatiga oid hujjatlari muhokama qilinishi va belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri baholanishi kerak.
Prezident hujjatlari loyihalari hamda kelishish uchun Prezident Administratsiyasiga yuborilgan Hukumat hujjatlari loyihalari Hukumat tomonidan har hafta, har oy va har chorakda batafsil o‘rganiladi.
Shuningdek, Reglamentda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish, Vazirlar Mahkamasiga kiritish, qabul qilingan hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, jo‘natish, e’lon qilish va ijrochilarga yetkazish tartibi belgilangan.
O‘zA