Markaziy Osiyoning “Shengen” vizasiga Ozarbayjon va Turkiya qoʻshilishi mumkin – ekspert

Markaziy Osiyoning sayyohlik salohiyati haqiqatda ulkan va bugungi kunda ushbu mintaqa mamlakatlari bu salohiyatdan foydalanishi ularning iqtisodiy maqsadlariga erishishiga yordam berishi mumkinligini anglab yetmoqda.

Mintaqada turizmni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar tobora koʻpaymoqda: 21-22 fevral kunlari Toshkentda dunyoning qariyb 20 davlati vakillarini toʻplagan Uchinchi xalqaro gidlar forumi boʻlib oʻtdi, 21-23 fevral kunlari esa Buxoroda ziyorat-turizmi boʻyicha ilk xalqaro forum tashkil etildi. Biroq mintaqaning sayyohlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiluvchi asosiy loyiha Dariga Nazarboyevaning Shengen vizasining Markaziy Osiyodagi muqobili boʻlgan “Ipak viza”si boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti “Zamonaviy tarix va xalqaro tadqiqotlar” boʻlimi mudiri oʻrinbosari, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarov “Yevroosiyo. Ekspert”ga intervyusida mazkur loyiha mintaqaga nima berishi, unga qaysi davlatlar qoʻshilishi mumkinligi va uning xavflari haqida soʻzlab berdi.

– Ravshan Rinatovich, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarining turizm sohasidagi munosabatlari qay darajada deb hisoblaysiz?

– Buyuk Ipak yoʻli butun dunyoda katta qiziqish uygʻotmoqda. Mintaqa noyob va aql bovar qilmas darajada boy tarix, tabiat, urf-odat va madaniyatlarga asoslangan turizm va sayyohlik mahsulotlari boʻyicha ulkan salohiyatga ega. 1993 yilda Jahon sayyohlik tashkiloti Buyuk yoʻlini sayyohlik konsepsiyasi sifatida tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli loyihaning tashabbuskori boʻldi.

1994 yilda 19 davlat vakillari tarixiy Ipak yoʻli boʻylab turizm boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qildi. Shuningdek, barcha vakillar, tashkilotlar va xususiy sektor subyektlari foydalanishi uchun maxsus logotip tasdiqlandi.

2002 yilda ishtirokchilar Ipak yoʻli boʻylab turizm boʻyicha Buxoro deklaratsiyasini qabul qildi. Hujjatda barqaror turizm keltiradigan foyda alohida qayd etilgan hamda Ipak yoʻlida joylashgan shaharlarda madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

2004 yilda Samarqandda Jahon sayyohlik tashkiloti koʻmagida Oʻzbekiston hukumati tomonidan Ipak yoʻlining sayyohlik byurosi ochildi.

1997 yilda Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan Ipak yoʻli boʻyidagi turizmga oid risola chop etildi. Ushbu nashr loyihada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar tomonidan yuqori baholandi. Unda Markaziy Osiyo mintaqasining sayyohlik salohiyatiga doir bilimlarni yanada kengaytirish maqsadida Ipak yoʻlining yagona mintaqa sifatidagi sayyohlik mahsulotlari, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari toʻgʻrisidagi keng maʼlumotlar oʻrin olgan.

– Mintaqa mamlakatlari boshqa davlatlar sayyohlarini nimasi bilan oʻziga jalb qiladi?

– Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda makroyoʻnalishni tashkil etadi. Qator sayyohlik operatorlari Markaziy Osiyo sayyohlik yoʻnalishiga shuningdek Ozarbayjon, Xuroson, Moʻgʻuliston, Sinszn (Xitoy), Tibetni ham qoʻshadilar. 2004 yilda 8 million xalqaro chegara punktlari roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Qozogʻiston sayyohlik sanoatini rivojlantirish uchun kerakli shart-sharoitlarga ega. Mamlakat turk andasidan namuna olgan holda, oʻz infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha yaxshi yutuqlarga erishgan. Qozogʻiston Gʻarbiy Yevropa hududidan katta boʻlgan hududga egalik qilgan holda, oʻzida tasvirlab boʻlmas darajada goʻzalligi bilan mashhur boʻlgan keng qoyalar va mahobatli togʻlar ulkasini ifodalaydi.

Oʻzbekiston ham oʻz infratuzilmasini takomillashtirish ustida astoydil ish olib bormoqda. Samarqand, Buxoro, Xivadagi ajoyib meʼmorchilik asarlari boʻlgan afsonaviy masjid va madrasalar – Ipak yoʻliga aloqador boʻlgan namunalarning bir qismigina xolos.

2019 yil aprel oyida Surxondaryo viloyatida Baxshichilik sanʼati boʻyicha xalqaro festival boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbirga Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan mehmonlar va ishtirokchilar taklif etilgan.

Ipak yoʻlida joylashgan Turkmaniston mintaqada qulay strategik yerda joylashgan. Mamlakat Eron bilan chegaradosh boʻlgan va yaxshi munosabatlar ega davlatlardandir. Koʻchmanchi qabilalar toʻquvchilari tomonidan yorqin rangda toʻqilgan gilamlar Turkmanistonning badiiy ramzini ifodalaydi.

Qirgʻiziston dengiz sathidan baland joylashgan. Undagi togʻlar qalin oʻrmonlar, qoyalar esa oʻtloqlar bilan qoplangan. Bularning bari mamlakatning ajoyib iqlimi bilan uygʻunlashgan holda sayohatchilarni oʻziga jalb qiladi.

Tojikiston madaniy va adabiy festivallar tashkil etish orqali turizm sanoatini rivojlantirishga harakat qilmoqda. U yerdagi madaniy va tarixiy sharoitlarga keladigan boʻlsak, mamlakat sayyohlarni jalb qilish uchun nihoyatda keng resurslarga ega. Togʻ landshaftli Tojikiston Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan. Sharqda Xitoy, janubda Hindiston bilan chegaradosh.

– “Silk road” viza – loyihasini Markaziy Osiyodagi istiqbollari qanday? Mazkur tashabbusni amalga oshirish zarurati nimalarda namoyon boʻlmoqda?

– Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar uchun yagona viza amal qilishi sayyohlarga mintaqadagi davlatlarni istalgan tartibda va istalgan muddatga tashrif buyurish imkonini taʼminlagan boʻlardi. Hozirning oʻzida sinov tariqasida veb-sahifa ishlab turibdi, unda mazkur mintaqa mamlakatlariga tashrif buyurishni xohlovchilar kerakli maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.

2018 yilning oktabr oyida Qozogʻiston va Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari Ostona shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralarda yana bir marta mazkur masalani koʻrib chiqdilar, konsullik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni batafsil muhokama qildilar.

Muzokaralar yakuni boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi.

Shengen vizasining muqobili boʻlgan “Ipak yoʻli” vizasini yaratish gʻoyasi 2018 yilda Qozogʻiston senatori Dariga Nazarboyeva tomonidan kelib tushgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari ichki turizmni faol rivojlantirish uchun mintaqaning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishni istagidagi xorijiy mehmonlarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblamoqda.

“Silk Road viza” loyihasi mintaqa mamlakatlaridagi sayyohlik tarmogʻini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Markaziy Osiyo (dunyoning boshqa koʻplab mamlakatlari singari)da ham sayyohlik jadal rivojlanib, bu mamlakatning iqtisodiy oʻsishiga ham, oʻzlarining imij va brend kapitalini oshirishga ham yordam beradi. Yagona tur – foydali, qulay va qiziqarli.

– “Silk Road” vizasining joriy etilishi mintaqa mamlakatlariga qanday imkoniyatlarni yaratadi?

– “Silk Road” vizasi joriy etilishi mintaqa davlatlariga ikki-uch mamlakat yoki butun Markaziy Osiyo darajasida keng koʻlamli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tadbiq etish imkonini beradi. Mintaqaning umumiy sayyohlik salohiyati ulkan: maʼrifiy turizm, sogʻlomlashtirish, ekstremal, gastronomik, ziyorat turizmi va boshqalar shular jumlasidandir. Masalan, 21-22 fevral kunlari Toshkent shahrida Uchinchi xalqaro gidlar forumi boʻlib oʻtdi. Unda qariyb 20 davlat vakillari ishtirok etdi. Anjumanda xalqaro turizm sohasidagi hamkorlik, jumladan “Silk Road” loyihasi boʻyicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

2019 yil 21-23 fevral kunlari Buxoroda ziyorat turizmi boʻyicha Birinchi xalqaro forum tashkil etildi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad ziyorat turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va ushbu yoʻnalishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishdan iborat, Oʻzbekistonni ziyorat turizmning yirik markazlaridan biri sifatida eʼtirof etish hamda “Halol” xalqaro standartlarini joriy qilishdir.

Oʻzbekiston (Buxoro, Samarqand, Xiva, Nurota va b.sh) va mintaqaning boshqa mamlakatlari (Qirgʻizistondagi Sulaymon-too, Qozogʻistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi)dagi muqaddas joylarni ziyorat qilish bilan bogʻliq masalalar ayniqsa faol muhokama qilindi.

Shu bois, ushbu loyihaga qoʻshiladigan barcha davlatlar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilajak ishlar koʻp.

– Oʻzbekiston Markaziy Osiyolik sayyohlarni jalb qilish uchun nimalarni taklif qilishi mumkin?

Oʻzbekistonda soʻnggi paytlarda turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida bu borada quyidagi ishlar amalga oshirildi:

– Turizm tarmogʻining huquqiy bazasi mustahkamlanishi. 25 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqildi, mamlakatga kirish va ichki turizmni, sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qariyb 1500 ta chora-tadbir amalga oshirildi. Viza rejimi (yana bir necha qoʻshimcha mamlakatlar uchun vizasiz rejim joriy etildi, elektron vizalar berish tizimi yoʻlga qoʻyildi va h.k) hamda roʻyxatga olish tartib-taomillari soddalashtirildi (mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlarni roʻyxatdan oʻtkazish butunlay elektron formatga oʻtkazildi);

– Turizm infratuzilmasining yaxshilanishi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini soddalashtirishga doir qator chora-tadbirlar samarasida 142 mehmonxona tashkil etildi, 234 ta yangi tur operatorlar oʻz faoliyatini yurita boshladi, sayyohlar avtotransporti parki 113 avtotransport (48 avtobus va 85 mikroavtobuslar) bilan boyitildi. Transport logistikasi rivojlanmoqda, tashqi va ichki yoʻnalishlar kengaymoqda, transport xizmatlari sifati yaxshilanayotir.

– Tarmoqdagi kadrlar salohiyatining mustahkamlanishi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipak yoʻli” “Xalqaro Turizm universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Davlat turizm qoʻmitasi va Jahon sayyohlik tashkiloti oʻrtasida universitet xalqaro mavqega ega ekani eʼtirof etilishi, universitetga Jahon sayyohlik tashkilotining logotipidan foydalanish huquqini berish, uni rasmiy sherik sifatida eʼtirof etishni nazarda tutadigan hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga erishildi. Universitet Sochi davlat Universiteti (Rossiya), Sahid turizm instituti (Indoneziya), Sahid Politexnika maktabi (Indoneziya) bilan hamkorlik qilgan holda, talabalarga Doubledegree diplomalarini beradi.

– Yirik xalqaro tadbirlarning oʻtkazilishi. 2018 yilning 3-5 oktabr kunlari “Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi boʻlib oʻtdi (unda 940 kompaniya ishtirok etdi, ularning 140 tasi xorijiy va 800 tasi oʻzbek kompaniyalaridir, yarmarkaga 56 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi); 2018 yilning 19-21 noyabr kunlari turizm sohasi boʻyicha Birinchi xalqaro investitsiya forumi tashkil etildi (unda 48 mamlakatdan 300 nafardan ortiq mehmon, 15 mamlakatdan OAV vakillari ishtirok etdi, 400 investitsiya loyihalari taqdim etildi, 367 shartnoma va memorandum, 86 investitsiya kelishuvlari imzolandi).

XX asrning oxirlarida ishlab chiqilgan sayyohlik yoʻnalishlari hanuz oʻz dolzarbligini saqlab qolgan: “Markaziy Osiyo respublikalari poytaxtlari boʻylab” (Ashxabod — Dushanbe — Toshkent — Bishkek — Olma-Ota), “Oʻrta Osiyo respublikalari poytaxtlari boʻylab” (Bishkek — Toshkent — Samarqand — Dushanbe — Ashxabod), “Turkmaniston va Oʻzbekiston boʻylab” (Ashxabod — Buxoro — Samarqand — Toshkent), “ Ertakka sayohat” (Ashxabod — Dashoguz — Urganch — Buxoro — Samarqand), “Bishkek — Toshkent — Ashxabod”, “Oʻzbekiston va Tojikiston boʻylab” , “Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari boʻylab” (Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch), “Fargʻona vodiysi boʻylab” va b.sh.

– “Silk Road” vizasining joriy etilishi bilan qanday xavflar yuzaga kelishi mumkin?

– Har qanday sayyoh bilan istalgan mamlakatda u yerning iqlimi, relyefi, infratuzilmasi, sayyohlik logistikasi, xavfsizlik texnikasi, mahalliy taomlari, sogʻliqni saqlash tizimi, umumiy xavfsizlik darajasi bilan bogʻliq xavflarni hisobga olmasak, fikrimcha, vizaning kiritilishi qandaydir xavflarni yuzaga keltirmaydi,

Wegoplace da sayohat qilish uchun onlayn-servis Solo Travel Safety Report-2019 hisobotini eʼlon qildi. Unda 2019 yilda qaysi davlatlar eng xavfsiz boʻlishi xabar qilinadi. Hisobot 143 mamlakat aholisidan bir necha mezonlarda olingan soʻrovga asoslanadi. Savollar orasida sayohatchilar bir oʻzlari shahar boʻylab sayrga chiqqanlarida oʻzlarini nechogʻlik xavfsiz his etishlari, mahalliy politsiyaga qay darajada ishonishlari, ularga isbatan hujumlar yoki oʻgʻirliklar sodir boʻlganmi kabi savollar boʻlgan. Eng xavfiz deb topilgan mamlakat Singapur hisoblandi uning xavfsizlik koʻrsatgichi 97. Soʻngra Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya keladi. Ularda xavfsizlik koʻrsatgichi 93. ushbu roʻyxatda OʻZbekiston (91) Gonkong (91), Shveysariyey (91), bilan birga beshinchi qatordan oʻrin egalladi, undan keyin Kanada (90), Indoneziya (89), Daniya (88) turadi.

– Sizningcha, mazkur loyihaga mintaqadan tashqaridagi oʻyinchilarni ham qoʻshish mumkinmi?

– Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi unga boshqa mamlakatlar ham qoʻshilishini taʼminlashimumkin. Loyiha nafaqat ichki mintaqaviy, ayni damda mintaqalararo boʻlishi koʻzda tutilgan edi. Masalan, Turkiya va Ozarbayjon mazkur loyihaning amalga oshirilishiga ijobiy qaramoqda va unga qoʻshilishga tayyor. Rossiya, Hindiston, Xitoyning ham unga qoʻshilish ehtimoli bor.

 

O’zA