Musobaqalar g‘oliblari oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Hukumat qarori bilan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumla’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, sportning texnik va amaliy turlari, avtomobil va motosikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel bo‘yicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Ilgari bu imtiyoz faqat sportning olimpiya turlari, “Kurash” milliy sport turi, shaxmat, shashka bo‘yicha musobaqa g‘oliblariga berilgan.
O‘zA