Migrantlar nega sarson boʻlishmoqda?

Qozogʻistonning Olmaota shahrida “Migrantlarning huquqiy savodxonligini oshirish” mavzusiga bagʻishlangan 3 kunlik seminar-trening oʻtkazilmoqda. 
Olmaota shahridan 
OʻzA muxbiri xabar qiladi
Tadbirda Tojikiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlarining OAV hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qatnashmoqda.
Qozogʻistonning Aktoʻbe shahri RIKA-TV telekompaniyasida faoliyat yurituvchi jurnalist Marina Vasilyevna:
“Oʻzbekistondan Qozogʻiston orqali Rossiyaga ketayotgan migrantlar Aktoʻbening sovuq sharoitini hisobga olmaydilar. Oqibatda ular yoʻlda koʻp qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Shuningdek, aksariyat oʻzbekistonlik migrantlar qonunni buzganliklari sabab Rossiyaga vaqtincha kirish ular uchun taqiqlanganini bilmagan holda yoʻlga otlanadilar. Rossiya chegarasiga yetib kelgach esa, hujjatlari taqiqda ekanligidan xabar topib, ortga qaytishga majbur boʻladilar. Chegaradagi pasport tekshiruvlarida har bir odam kamida 20 daqiqa qolib ketadi”, deydi Marina Vasilyeva.
Oʻzbekistonlik migrantlar orasida katta daromad va yaxshi ish izlab, noqulay sharoit va qullikka duchor boʻlayotganlar ham bor. Misol uchun, 2018 yilda 150 nafar namanganlik Rossiyadan Oʻzbekistonga qaytarilgan. Bu haqda “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti vakili Saidaxon Alimova maʼlum qildi. Alimovaning aytishicha, ular aldov yoʻli bilan Rossiyaga muzlatgichli kameralarda ishlash uchun olib ketilgan. Oʻzbekistonning “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkilotining yordami bilan ular Oʻzbekistonga qaytarilgan.
Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan tashkillashtirilgan Markaziy Osiyo jurnalistlari ishtirokidagi seminar davom etmoqda. Unda koʻtarilgan muammolar va migrantlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirib borishda davom etamiz. Bizni kuzatib boring.

 

OʻzA