Mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik aloqalarining bardavom boʻlishi dunyoda siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, qolaversa, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik uchun yoʻl ochadi. Bu kabi maqsadlarga erishishda bugun xalq diplomatiyasi vositalari yetakchi oʻrin tutmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 8-9 iyun kunlari Ostona shahrida oʻtgan SHHT sammitida tashkilot markazlari – xalq diplomatiyasining doimiy faoliyat yurituvchi institutlarini taʼsis etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish tashabbusini ilgari surgandi. Ushbu tashabbus doirasida Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi.

Mazkur markaz ish boshlashi munosabati bilan uning faoliyat yoʻnalishlari, maqsad va vazifalariga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov markazning faoliyat yoʻnalishlari haqida soʻzladi.

SHHT Bosh kotibi Vladimir Norovning tadbir qatnashchilariga murojaati tinglandi.

Ushbu markazning Oʻzbekistonda ish boshlashi mamlakatimizning SHHTga aʼzo davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Taʼkidlanganidek, dunyoda globallashuv va integratsiya jarayonlarini kuchayib borayotgan bir sharoitda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning asosiy va ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Jamoat tashkilotlari va birlashmalari faoliyati, xalqaro nohukumat tashkilotlarining hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha tashabbuslari mamlakatlar oʻrtasida barcha darajadagi munosabatlarni rivojlantirishga imkon yaratadi. Shu maʼnoda, xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish orqali SHHT doirasida oʻzaro ishonch va yaqin hamkorlik ruhini mustahkamlash maqsad qilingan.

– SHHT doirasidagi hamkorlik turli sohalarda jadal rivojlanmoqda, – deydi Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev. – Tuzilma mamlakatlari hamkorligining istiqbolli gʻoyalarini roʻyobga chiqarishga qodir kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqmoqda. Globallashuv asrida jamiyatlararo muloqotni faollashtirishga har qachongidan koʻra koʻproq zarurat tugʻilmoqda. Xalq diplomatiyasi esa turli madaniyatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqlar tomonidan yaratilgan asriy tamaddun samaralarini keng targʻib qilishda siyosiy diplomatiyadan koʻra taʼsirli kuchga ega. Oʻzbekistonda faoliyat boshlagan Xalq diplomatiyasi markazi esa SHHT doirasidagi ilk ana shunday tuzilma sifatida eʼtiborga molik. Markaz faoliyatini tashkil etish bu kabi ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda asosiy omil boʻladi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi qator davlat va jamoat tashkilotlari markaz faoliyatini samarali tashkil etish ishlariga koʻmaklashmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Tashqi ishlar, Madaniyat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasining markaz taʼsischilari ekani fikrimizga misol boʻla oladi.

Markaz oʻz faoliyatini tashkil etishda SHHTga aʼzo davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida doʻstona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun zarur sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratadi. Xalqlarning boy tarixi, madaniy merosi, anʼanalarini asrab-avaylashda axborot resurslarini shakllantirish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Turli yoʻnalishlarda axborot-tahliliy materiallar tayyorlab, ularni muntazam chop etadi.

Tadbirda SHHT Xalq diplomatiyasi markazining vazifalari, faoliyat yoʻnalishlari, joriy yilgi rejalariga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi.

Anjuman doirasida Oʻzbekistonda taʼsis etilgan SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA