Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi davra suhbati oʻtkazdi

Nukusdagi BMT Taraqqiyot dasturi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi faoliyatining dastlabki bosqichiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Nukus pedagogika instituti, Suv xoʻjaligi vazirligi qoshidagi Meliorativ ekspeditsiya, Urugʻchilik rivojlantirish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi, Gidrometeorologiya boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston filiali, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston boʻlimi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Unda keng jamoatchilik Xalqaro innovatsion markazning faoliyati bilan tanishtirildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tadbir davomida markazning tashkil topishi va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, shuningdek tuzga chidamli oʻsimliklar ekilgan Moʻynoqdagi tajriba yer maydonlarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Yigʻilishning ikkinchi qismida turli tashkilotlardan tashrif buyurgan mutaxassislar oʻz sohalaridagi yutuqlar haqida maʼlumot berishdi, Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi faoliyatini takomillashtirishga oid fikr-mulohazalarini bildirib, kelgusidagi hamkorlik boʻyicha taklif va gʻoyalarini oʻrtaga tashladilar. Eng dolzarb ekologik muammolar muhokama qilinib, zarur tavsiyalar bildirildi.

 

OʻzA