YUNЕSKO vakillari Buxoroda

BMT tizimidagi YUNЕSKO tashkilotining Butunjahon moddiy meros markazi direktori oʻrinbosari J.Xosagraxar boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari tarixiy meʼmoriy obidalarning muhofaza etilishi tajribasi bilan tanishish maqsadida Buxoroda boʻldi.
Viloyat hokimi Oʻ.Barnoyev xalqaro tashkilot vakillariga mamlakatimizda milliy madaniyatning ajralmas qismi boʻlgan obidalarni asl holida asrab qolish boʻyicha davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Ikki yarim ming yildan ziyod tarixga ega Buxoro shahridagi betakror meʼmorchilik yodgorliklari dunyo ahli eʼtiborini qaratib kelmoqda. Bu obidalar butunjahon ahamiyatiga molik osori-atiqalar sifatida eʼtirof etilgan. Xalqimizning yuksak meʼmorchilik sanʼatini koʻp asrlardan buyon koʻz -koʻz etayotgan ana shu obidalardan 132 tasi joylashgan shaharning tarixiy qismi YUNЕSKO tomonidan Umumjahon moddiy meros roʻyxatiga kiritilgani ham buning yorqin dalilidir.
Mehmonlarga asrlar va nasllar mulki boʻlgan yodgorliklarni asrashning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgani, Prezidentning tegishli farmon va qarorlari hamda boshqa tegishli hujjatlar ijrosi borasida amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar toʻgʻrisidagi loyihalar taqdimot qilindi. Tadbirda shaharning tarixiy qismini muhofaza qilish, shuningdek, uning sayyohlik nuqtai nazaridan jozibadorligi barqarorligini taʼminlashda YUNЕSKO va Umumjahon moddiy merosi markaziga hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan takliflar berildi.
– Buxoro nafaqat muzey shahar, balki ayni paytda xuddi oʻtmishdagidek, bu yerda odamlar yashab kelayotgan tarixiylik ruhi ufurib turgan, bunyodkor tirik shahar ekanligi bilan ajralib turadi, –dedi YUNЕSKOning Umumjahon moddiy merosi markazi direktori oʻrinbosari Xossa Graxar. – Bugungi muloqotda dunyo eʼtiborini tortib kelayotgan shahringizning oʻziga xosligini saqlab qolish borasidagi saʼy harakatlar va rejalar haqida keng maʼlumotga ega boʻldim. Albatta, shaharning bosh rejasini ishlab chiqishda uning tarixiy qismi bilan uzviylik nazarda tutilayotgani eʼtiborga loyiq. Bu hududda turli obyektlar qurilishi biz bilan kelishuvlar asosida amalga oshirilishi diqqatga sazovor. Moddiy meros obidalarini taʼmirlash, konservatsiya qilishga kelsak, bu masalada ham tegishli tavsiyalarni beramiz.
Mehmonlar shundan soʻng shaharning tarixiy qismida boʻldilar.
Xalqaro tashkilot vakillari tomonidan “Aziya Buxoro” mehmonxonasida arxitektura sohasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Umumjahon moddiy meros roʻyxatiga kiritilgan shaharning tarixiy markazi mavzuida interfaol asosida trening va mahorat saboqlari oʻtkazildi. Unda qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob oldi.
Ularning fikricha, erkin muloqot tarzida kechgan muloqot ishtirokchilarning noyob obidalar joylashgan markazga xos shaharsozlikka oid bilimlarini boyitgan holda ajdodlardan qolgan moddiy meros obyektlarini asrash borasidagi masʼuliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Erkin Yodgorov, OʻzA