Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich bilan olib borilgan muzokaralar ijobiy yakunlandi.
Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Drulovich bilan rasman shartnoma imzolandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, murabbiy Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari hamda OʻFA mutasaddilari ishtirok etishdi.
Maʼlum boʻlishicha, serbiyalik mutaxassisga murabbiylar shtabida hamyurtimiz Ravshan Haydarov yordam beradi. Bu bejiz emas, negaki Ravshan Akmalovich mamlakat olimpiya terma jamoasi aʼzolari imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Drulovich oldiga olimpiyachilarimizni Tokio-2020 olimpiadasiga olib chiqish vazifasi qoʻyildi.
Serbiyalik murabbiy OʻFA rahbariyatiga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirib, zimmasiga yuklanayotgan vazifani bajarish uchun astoydil intilishini taʼkidlab oʻtdi. Shundan soʻng tomonlar rasman shartnoma imzolashdi. Marosim yakunida esa Drulovichga esdalik libosi taqdim etildi.
Lyubinko Drulovich bilan kelishuv Tokio-2020 olimpiadasiga qadar amal qiladi.
Maʼlumot uchun:
Lyubinko Drulovich – 1968 yil 11 sentyabrda tugʻilgan
Fuqaroligi: Serbiya
Murabbiylik darajasi: UYEFA “PRO” diplomi egasi (2007 yil)
Eng katta yutugʻi: Serbiya U-19 terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida gʻalaba qozongan
Murabbiy sifatida erishgan yutuqlari:
Angola Superkubogi Gʻolibi – “Agosto” FK 2010-2011
Yevropa U-19 Chempionati gʻolibi – Serbiya 2013
“Partizan” FK bilan Yevropa ligasi ishtirokchisi – 2015-2016
Shaxsiy yutuqlari:
Serbiyada yilning eng yaxshi murabbiyi – 2013 yil.