Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtaradi

Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev bilan mamlakatlarimiz hamkorligining bugungi holati va yanada rivojlantirish istiqbollari haqida suhbatlashdik.

– Elchi janoblari, mamlakatimizdagi keng koʻlamli oʻzgarishlar va xalqaro tashabbuslar haqida Qozogʻiston jamoatchiligi, siyosiy va tahliliy doiralarining fikri qanday?

– Jahon miqyosida kuzatilayotgan va tobora kuchayib borayotgan global oʻzgarishlar, raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar toʻqnashuvi, geosiyosiy ziddiyatlar davrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizni taraqqiy ettirish, barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat olib borishga yoʻnaltirilgan islohotlarga Qozogʻiston jamoatchiligi ham katta qiziqish bildirmoqda.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan Oʻzbekistonning har tomonlama chuqur oʻylangan tashqi siyosati tufayli, Qozogʻiston siyosiy doiralari taʼbiri bilan aytganda, Markaziy Osiyo mintaqasida qisqa vaqtda yangi siyosiy iqlim tashkil topdi va buning natijasida qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va oʻzaro ishonch ruhidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga erishildi.

Oʻzbekiston Prezidentining BMT, MDH, SHHT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlarda ilgari surgan oʻta muhim tashabbuslarini Qozogʻiston tomoni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yil 15 mart kuni Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bunga yorqin misol boʻla oladi. Natijada Markaziy Osiyo mintaqasida koʻp qirrali hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi, xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan ochiq va konstruktiv muloqot maydoni paydo boʻldi.

Yana bir misol sifatida Oʻzbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” toʻgʻrisidagi tashabbuslari boʻyicha BMT rezolyutsiyalari bir ovozdan qabul qilingani va bu hujjatlar qator davlatlar, jumladan, Qozogʻiston bilan birga ishlab chiqilganini taʼkidlasa boʻladi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

– Siz rahbarlik qilayotgan elchixona tomonidan keyingi ikki yilda Qozogʻistondagi hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik aloqalarni rivojlantirish boʻyicha qanday ishlar bajarildi?

– Keyingi ikki yilda qozogʻistonlik sheriklar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, transport-logistika sohasidagi hamkorlik, hududlar darajasidagi oʻzaro aloqalarni kengaytirish va boshqa masalalar boʻyicha aniq ijobiy natijalarga erishdik. Qozogʻistonda 2018 yil Oʻzbekiston yili, deb eʼlon qilingani ikki tomonlama munosabatlarda yangicha surʼat, sifat va mazmun kasb etdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, turizm, transport va logistika sohalarida kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda. Bularning zamirida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev tomonidan olib borilayotgan siyosat hamda yuqori darajadagi ochiq va doʻstona munosabatlar mujassam.

Qisqa vaqtda ikki davlatning oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼatlarda oʻsib, 2017 yilda 2 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2018 yilda bu koʻrsatkich 2017 yilga nisbatan yana 30 foizdan ziyod oshganini kuzatish mumkin. Bunday marralarni qoʻlga kiritishda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar dinamikasi faollashgani, Hukumatlararo qoʻshma komissiya doirasida muntazam uchrashuvlar va 2018 yilda birinchi hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazilgani muhim oʻrin tutadi.

Bu jarayonda elchixonamiz ham faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizning tegishli tashkilotlari bilan birgalikda qator tadbirlar tashkillashtirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Tashqi savdo vazirligi hamkorligida Chimkent shahrida Oʻzbekiston – Qozogʻiston ishbilarmonlari kengashining birinchi majlisi va biznes-forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Almati shahrida oʻtgan “Bolalik” va “Bolalar modasi – 2018” koʻrgazmalarida elchixona tomonidan tashkil etilgan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan bolalar kiyim-kechaklari taqdimoti natijasida “Lorat tekstil” kompaniyasi qozogʻistonlik hamkorlar bilan shartnoma imzoladi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda “Kazaxstan temir joli” milliy kompaniyasi va Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida temir yoʻl transportida mahsulot tashishda imtiyozlar taqdim etishga kelishildi.

Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi bilan “Tovarnaya birja “YETS” AJ kelishuviga muvofiq, Almati shahrida birja savdolari elektron tizimiga bogʻlangan birinchi xorijiy savdo maydonchasi ish boshladi. Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik aloqalarni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillarining Qozogʻiston viloyatlariga tashrifi va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmalari tashkil etildi.

Chimkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi hududlararo forumida umumiy qiymati 324,7 million AQSH dollaridan ortiq shartnomalar imzolandi. Hududlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha 15 ta kelishuvga qoʻl qoʻyildi.

Umuman, 2018 yilda elchixona mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, hududlari bilan birga oʻtkazilgan tadbirlar natijasida ikki davlat kichik va oʻrta biznes subyektlari oʻrtasida qiymati 409,6 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolandi.

Qozogʻistonlik hamkorlar bilan oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston turizm yili oʻtkazildi. Uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Mart oyida Ostona shahrida Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi sayyohlik forumi oʻtkazildi. Unda ikki davlatdan 200 dan ziyod turoperator qatnashdi.

Almati shahrida oʻtgan “Kazakhstan international Trade” xalqaro sayyohlik yarmarkasida mamlakatimiz vakillari ishtirok etdi. Unda yarmarka ishtirokchilariga yurtimizdagi anʼanaviy sayyohlik yoʻnalishlari bilan bir qatorda tibbiyot turizmi haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi. “Qazaqstan” milliy telekanali vakillari uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari boʻylab tashkil etilgan media-tur qozogʻistonliklarga yurtimizning sayyohlik imkoniyatlarini keng namoyish qilish imkonini berdi.

Sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Almati – Toshkent – Almati yoʻnalishida aviaqatnovlarni haftasiga 10 martaga va Ostona –Toshkent – Ostona yoʻnalishi boʻyicha 6 taga chiqarish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan oʻtkazilgan tadbirlar natijasida Qozogʻiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi oʻzbekistonlik sheriklari bilan turizmni rivojlantirish toʻgʻrisida shartnoma imzoladi. Umuman, turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2 milliondan ortiq qozogʻistonlik sayyoh Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

– Elchixona tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati, xorijda Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlari samarali himoya qilinishi borasidagi saʼy-harakatlar toʻgʻrisida nima deya olasiz?

– Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish elchixonamiz diqqat markazida turgan asosiy vazifalardan biridir. Shu maqsadda Oʻzbekiston va Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida Ostona shahrida konsullik masalalari boʻyicha maslahat uchrashuvi oʻtkazildi.

Elchixona konsullik roʻyxatida 49,5 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi hisobda turadi. 2018 yilda fuqarolarimizdan tushgan 400 dan ortiq ariza boʻyicha zarur choralar koʻrildi. Yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari, yaʼni fuqarolik masalalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish, shaxsni tasdiqlash va Vatanga qaytish guvohnomalarini yozib berish, notarial amallarni bajarish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan tashqari, favqulodda vaziyatlarda ham amaliy yordam koʻrsatildi.

Fuqarolarimizga oʻz vaqtida va sifatli konsullik xizmatlari koʻrsatish maqsadida Ostona shahridagi konsullik boʻlimidan tashqari, Almati va Oqtau shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh konsulxonalarini ochish boʻyicha Qozogʻiston tomoni bilan amaliy ishlar olib borildi. Hozirgi kunda fuqarolarimiz nafaqat Ostonada, balki Almati va yaqin kunlarda Oqtau shaharlarida ham konsullik xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʻladi.

Oʻylaymizki, koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida yurtdoshlarimizga koʻrsatilayotgan konsullik xizmatlari koʻlami yanada kengayadi va biz Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha oldimizga qoʻyilgan vazifalarni uddalaymiz.

– 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili oʻtkaziladi. Shu borada koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida ham soʻzlab bersangiz.

– Albatta, 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazish doirasida qator yirik tadbirlarga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Hozirgi kunda elchixonamiz Qozogʻiston tomoni bilan mazkur yilni har tomonlama koʻtarinki ruhda oʻtkazishga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqmoqda.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili nishonlanishi elchixonamiz zimmasiga ham ulkan vazifa yuklaydi. Biz oʻtgan yildagi faoliyatimizni tanqidiy tahlil etib, 2019 yilda oldimizda turgan vazifalarni qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik asosida amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Jumladan, amaldagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish va joriy yilda savdo aylanmasi hajmini 4 milliard dollarga, xususan, eksport koʻrsatkichlarini 2,3 milliard dollarga yetkazish marrasini qoʻyganmiz. Toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb etish maqsadida ikki tomonlama qoʻshimcha qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham manzilli ishlar olib boriladi.

Oʻylaymizki, 2019 yil – Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtaradi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA