Shavkat Mirziyoyev Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi

Myunxen, 22 yanvar. 
OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr Oʻrozov xabar qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida boʻlib turibdi. 
Tashrifning ikkinchi kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoʻydi.
53ee8b8d-78fc-7448-6d97-07706ceb34f2.jpg
Germaniyaning janubi-sharqida joylashgan hamda 70,5 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Bavariyada 12,9 million aholi yashaydi. Ushbu oʻlka federativ respublikaning maydon boʻyicha eng yirik va aholi soni boʻyicha ikkinchi subyektidir.
Bugungi kunda Bavariya mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Bavariyaning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 600 milliard yevroga yaqin boʻlib, bu Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlardan aksariyatining koʻrsatkichlaridan yuqori. Germaniyada ishlab chiqarilayotgan avia va aerokosmik texnikaning qariyb yarmi, toʻqimachilik mahsulotlarining 43 foizi, elektronika tovarlarining 27 foizi, mashinasozlikning 18 foizi, metallurgiya mahsulotlarining 12 foizi ushbu federal oʻlka hissasiga toʻgʻri keladi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Markus Zyoderni Germaniya Xristan-sotsial ittifoqi raisi etib saylangani bilan tabriklab, uning ushbu yuksak martabadagi faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashishiga ishonch bildirdi.
47c56420-9d6f-b05d-43a4-534029c85bb9.jpg
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha ham fikr almashildi.
Prezidentimiz Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar davomida oʻzaro anglashuvga erishilgani va hamkorlik loyihalari qoʻllab-quvvatlanganini taʼkidladi.
Germaniya bilan munosabatlar anʼanaviy ravishda ilgʻor va koʻp tarmoqli xususiyatga ega boʻlib, hamkorlik sohalarining keng koʻlamini qamrab oladi. Xususan, ikki davlat oʻrtasida salmoqli shartnoma-huquqiy baza shakllantirilgan.
Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoyevni Myunxenda koʻrib turganidan mamnun ekanini bildirib, Germaniya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishi, savdo-iqtisodiy sohadagi samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻzaro munosabatlarning eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishini qayd etdi.
Mamlakatimizning Bavariya bilan munosabatlari uzoq tarixga egaligi qayd etildi. Tarixchi Shilterbergning Amir Temur huzurida boʻlgani toʻgʻrisidagi yozma xotiralari xalqlarimiz oʻrtasidagi tarixiy aloqalar tilga olingan ilk hujjatli manbalardan biridir.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilgʻor nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladilar.
Madaniy-gumanitar aloqalar, oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qoʻshma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish boʻyicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoyevga Germaniya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistondagi loyihalari va takliflariga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli biznes sheriklikdan gʻoyat manfaatdor ekanini qayd etdi.
Prezidentimiz Bavariya Bosh vaziriga Germaniya muzeylarida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklari haqidagi kitob-albomni sovgʻa qildi.

d0acca2d-9ba6-2833-63d0-f445299b5292.jpg

 

OʻzA