8 yanvar – Oʻzbekistonda prokuratura organlari xodimlari kuni.
Oʻzbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrdagi qonuniga muvofiq joriy etilgan mazkur sana mamlakatimizda uchinchi bor nishonlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari faoliyati haqida toʻxtalar ekan, bu tizim qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borishi zarurligini alohida taʼkidlagan. Shu maqsadda sohani tubdan isloh qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Soha xodimlarining faoliyati xalq manfaatlariga xizmat qilishga yoʻnaltirilmoqda.
Harakatlar strategiyasi prokuratura organlari uchun amaliy harakatlar mezoniga aylangan Xalq manfaati yoʻlida xizmat qilish davlatimiz rahbari tomonidan prokuratura tizimi oldiga asosiy vazifa qilib qoʻyilgani uchun ham buni amalda taʼminlash uchun barcha choralar koʻrilayotir. Keyingi bir yilda tizim butunlay qayta tashkil etilib, xalq manfaati uchun zarur boʻlgan yangi tuzilmalar joriy qilindi.
Har bir xodimning egallab turgan lavozimiga loyiqligi oʻrganib borilmoqda. Oʻtgan yilda fuqarolar manfaatini koʻzlab sud va boshqa idoralarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Natijada 90 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqi tiklangan.
Tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish prokuratura organlarining alohida eʼtiborida. Bosh prokuratura tomonidan mazkur yoʻnalishda koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirkorlar yoʻlida uchrayotgan byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash hamda korrupsiyaviy holatlarga barham berish boʻyicha zarur choralar koʻrilayotir.
Prokuratura organlariga tushgan murojaatlar asnosida 736 nafar fuqaro oqlangan.
Jamiyatda adolatni qaror toptirish, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida samarali faoliyat yuritayotgan prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan qutlaymiz.