Prezident Shavkat Mirziyoyev “Faol Gujorot 2019“ tadbirlarida ishtirok etadi

Tashqi ishlar vazirligining 2018 yilgi faoliyati yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan anjuman jurnalistlar ishtirokidagi ochiq muloqot tarzida davom etdi.
Anjuman doirasida Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari I.Neʼmatov Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari haqida toʻxtalar ekan, jurnalistlarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilning yanvar oyida Hindistonning Gujorot shtatida boʻlib oʻtadigan “Faol Gujorot 2019“ tadbirlarida ishtirok etishi haqida aytib oʻtdi.
“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashriflari chogʻida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi davlatimiz rahbarini “Faol Gujorot 2019“ tadbirlarida ishtirok etishga taklif etgan va bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingandi“, dedi vazirning birinchi oʻrinbosari.
I.Neʼmatovning taʼkidlashicha, ushbu yirik tadbir Hindistonda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi. Davlat rahbarlari, bosh vazirlar va vazirlar darajasidagi shaxslar ishtirok etadigan forumda mamlakatimizning eksport salohiyati, milliy mahsulotlari, sayyohlik salohiyati namoyish etiladi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA