MADAMINJON HASANOV

Mamlakatimiz jamoatchiligi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining taniqli vakili, savdo tizimi faxriysi, Ulugʻ Vatan urushi qatnashchisi Madaminjon Hasanovich Hasanov shu yil 22 dekabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

M.Hasanov 1924 yil Andijon viloyatida tugʻilgan. Uning yoshligi Ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri kelib, 1942-1946 yillarda front maydonlaridagi ogʻir janglarda mardona ishtirok etdi. Fashizmga qarshi kurashdagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi.

U urushdan soʻng Moskva oliy kooperativ markaziy maktabini tugatib, respublikamizning turli savdo tashkilotlarida xizmat qildi. Jumladan, 1956-1959 yillarda “Oʻzbektekstiltorg”ning Andijon viloyati bazasi direktori, 1959-1966 yillarda “Oʻzbekbirlashuv” boshqaruvining raisi boʻlib ishladi.

M.Hasanov 1966-1979 yillar mobaynida Oʻzbekiston savdo vaziri lavozimida samarali faoliyat olib bordi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan ham shugʻullandi. 1979-2004 yillarda “Sogʻlomlashtirish markazi” ilmiy-tadqiqot muassasasiga rahbarlik qildi.

Oʻzining koʻp yillik mehnat faoliyati davomida M.Hasanov keng bilimi, katta hayotiy tajribasi va shaxsiy namunasi bilan respublikamizda savdo tizimini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash ishlarida jonbozlik koʻrsatdi.

U 2004 yilda nafaqaga chiqqanidan soʻng Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining faoli sifatida koʻplab ibratli ishlarni amalga oshirdi. Xususan, urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini taʼminlashda oʻzining tashkilotchilik, tashabbuskorlik va fidoiylik fazilatlarini namoyon etdi.

M.Hasanovning koʻp yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan savdo xodimi” faxriy unvoni, “Jasorat” medali, “Mehnat shuhrati”, “Doʻstlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Madaminjon Hasanovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, J.Ortiqxoʻjayev, Sh.Jalilov

 

O’zA