Oftalmologiya sohasida endi xorijga borishga ehtiyoj qolmadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Davlatimiz rahbari 21-dekabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “BL lazer optika” MCHJga qarashli DMS xususiy innovatsion klinikasiga tashrif buyurdi.
Toʻrt qavatli ushbu klinika xavfsizlik, energiyatejamkorlik va mijozlar ehtiyojidan kelib chiqib koʻp tarmoqli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha eng zamonaviy talablarni hisobga olib qurilgan. Klinika fasadi innovatsion Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan issiqlik va ovoz qaytaruvchi izolyatsiya materiallari bilan qoplangan. Butun binoga LED texnologiyasiga asoslangan yoritish asboblari oʻrnatilgan, energiyatejamkor uskunalar barcha fasllarda bir xil mikroiqlimni taʼminlaydi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Zulfiya Maqsudova rahbarlik qilayotgan klinika Rossiya, AQSH, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlarning barchasi Avstriya, Germaniya, Koreya, Hindiston, Rossiya va Yaponiyadagi yetakchi klinika va tibbiyot markazlarida taʼlim olib, malaka oshirgan.
b1cbdee2-874d-b836-31e1-7893c3bcb0b9.jpg
Klinika faoliyatini yoʻlga qoʻyish chogʻida jahonning yetakchi mamlakatlari tomonidan sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda qoʻllanilayotgan innovatsion texnologiyalar chuqur tahlil qilindi. Natijada mamlakatimiz tibbiyotida ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab olgan koʻp tarmoqli klinika tashkil etildi.
Joriy yil aprelda faoliyat boshlagan innovatsion klinikada oftalmologiya bilan bir qatorda neyrojarrohlik, ortopediya, plastik jarrohlik, kardiologiya, LOR, pediatriya, reabilitatsiya, fizioterapiya kabi oʻn beshdan ortiq ixtisoslik boʻyicha tashxislash va davolash yoʻlga qoʻyilgan. Zamonaviy laboratoriya diagnostikasi bilan taʼminlangan.
Maʼlumki, barcha koʻz kasalliklari tana aʼzolarining holatiga bogʻliq boʻladi. Odatda bemor oftalmolog koʻrigidan soʻng kardiolog, endokrinolog, nevropatolog maslahatini olishi, UZI, rentgen, laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtishi zarur.
DMS innovatsion klinikasida bularning barchasi hisobga olingan. Bemorlar eng yuqori texnologiyalar asosida tashxisdan oʻtkazilib, zarur hollarda boshqa mutaxassislar maslahatini oladi. Jarrohlik amaliyotlari shu yerning oʻzida bajariladi. Viloyatlar va qoʻshni mamlakatlardan kelgan bemorlar yuqori qavatlarda yotib davolanishi mumkin.
Bu yerda toʻr parda kasalliklari va patologik holatlarni kontrast vositalarsiz tashxislash imkonini beradigan “Topcon” tamograf-angeografi oʻrnatilgan boʻlib, mikroinvaziv operatsiyalar oʻtkazish uchun “Constellation Vision System” apparati keltirilgan.
Bundan tashqari, klinikada soʻnggi avlod artroskopi yordamida kam invazivli davolash diagnostik amaliyotlari olib boriladi. Boʻgʻimlarda endoprotezlash amaliyotlari, bemorlarga jarohatlar va operatsiyalardan keyingi kompleks reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi.
Davlatimiz rahbari innovatsion klinikadagi sharoitni koʻzdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sifatga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
– Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat boʻlishi kerak. Raqobat boʻlsa, sifatga intilish boʻladi, davolash, xizmat koʻrsatish yaxshilanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday markazlarning oftalmologiya sohasidan tashqari tibbiyotning boshqa sohalarida ham tashkil etish, viloyatlarda tibbiy simulyatsiya markazlari tarmogʻi faoliyatini yoʻlga qoʻyish kerak. Xorijdagi yetakchi markazlar bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, yangi texnologiyalarni tibbiyot sohasiga joriy etish orqali kasalliklarni samarali davolashga alohida eʼtibor qaratish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz kompyuterli bioboshqaruv xonasida ham boʻlib, bu usul orqali medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarish mumkinligiga eʼtibor qaratdi.
Shu yerda koʻz mikrojarrohligi boʻyicha innovatsion oʻquv-simulyatsiya markazini tashkil etish loyihasi taqdim qilindi. Ushbu markazda koʻz mikrojarrohligi mutaxassislarini tayyorlashning jahon standartlariga mos innovatsion uslubi tatbiq etiladi. Davlatimiz rahbari loyihani maʼqullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simuliyatsion markazlarni tibbiyotning boshqa yoʻnalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini taʼkidladi.
6b5cd506-cb9d-04b1-ee3b-8a382784b7e0.jpg
2c2f44ea-2619-3147-a84b-007414fd69d6.jpg
9b691f95-79d2-3782-1a3e-a04b0a8d375c.jpg
968a13b4-d7d8-8656-78d5-e3092545a5d2.jpg

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA