Davlat raqobat qoʻmitasi “Coscom” MCHJ xorijiy korxonasi aksiyalarini sotib oldi

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Ucell” savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlari taqdim etib kelayotgan “COSCOM” MCHJ xorijiy korxonasi mobil operatori sohibiga aylandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan maʼlum qilishlaricha, “COSCOM” MCHJ xorijiy korxonasining 94 foiz aksiyalari egasi boʻlgan “Telia” Shvetsiya-Finlyandiya telekommunikatsiya kompaniyasi oʻz ulushini Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga sotdi. Bitim 215 million AQSH dollariga baholandi. Mobil operator ulushi Davlat raqobat qoʻmitasiga qarzlarsiz taqdim etiladi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda beshta mobil operatori faoliyat yuritmoqda. “Ucell” yurtimiz mobil aloqa xizmatlari bozorida yirik xizmat koʻrsatuvchilardan biri hisoblanadi. “COSCOM” kompaniyasi 1996 yilda tashkil etilgan boʻlib, 2007 yilda “Telia” Shvetsiya-Finlyandiya telekommunikatsiya kompaniyasi uning asosiy hissadoriga aylangan edi.
Bugungi kunda “Ucell” abonentlari sonini Oʻzbekistonning turli hududlarida istiqomat qilayotgan 7,3 million nafar kishi tashkil qiladi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA