Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash, xalqimiz tinchligini taʼminlashdir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Chirchiq dala oʻquv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 10-yanvar kunioʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida soʻzlagan nutqida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada yuksaltirish, milliy armiyamiz jangovar shayligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalar ekan, oldinda turgan muhim vazifalarni ham sanab oʻtgan edi.

Jumladan, qoʻshinlar istalgan daqiqada oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi boʻyicha muntazam shugʻullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr boʻlishi uchun oʻz sohasini puxta egallashi shartligi taʼkidlangan edi.

Berilgan topshiriqlar asosida jangovar tayyorgarlik bilan toʻlaqonli shugʻullanish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish va oʻz yoʻnalishi boʻyicha vazifalarni aniq bajarishiga erishish uchun keng koʻlamli chora-tadbirlar olib borildi. Jangovar tayyorgarlik dasturlari qayta koʻrib chiqildi, bunda avvalo harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Qoʻshinlarni eng zamonaviy turdagi harbiy texnika va qurol-yarogʻ bilan taʼminlash choralari koʻrildi. Bularning barchasi butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bir vaqtda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor boʻlishimiz, Oʻzbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev koʻrsatmasiga binoan Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun joriy yil 26-noyabr erta tongda qoʻshinlarga “Trevoga!” signali berildi.

Qoʻqqisdan tekshiruvning asosiy maqsadi — joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat edi. Shu davrga qadar bu kabi keng koʻlamli qoʻqqisdan tekshiruvlar mamlakat armiyasida oʻtkazilmagan. Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi tomonidan vazifalar belgilab berildi va harbiy okrug qoʻmondonliklariga yetkazildi. Shundan soʻng, statsionar boshqaruv punktlari tashkil etildi va unda amaliy ishlar boshlab yuborildi, harbiy okruglarning mobil boshqaruv punktlari oʻz ishini boshladi.

Bunda asosiy eʼtibor qoʻshinlarni barqaror va uzluksiz boshqarishni tashkil etish hamda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tekshiruvning barcha bosqichlarida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qatʼiy rioya qilindi. Qoʻqqisdan tekshiruv davomida maxsus tuzilgan idoralararo ishchi komissiya qoʻshinlar harakati ustidan nazorat va tahlilni olib bordi.

Yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning jiddiy xavfni qaytarishiga doir maxsus-taktik mashqlari Chirchiq dala oʻquv maydonida oʻtkazildi.

Mashgʻulotlar shartiga koʻra, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari, oʻta muhim obyektlarda, axolining ommaviy yigʻilish joylarida qoʻporuvchilik aktlarini oʻtkazish xamda shaharlar va aholi yashash punktlarida ommaviy tartib buzarliklarni keltirib chiqarishni maqsad qilgan davlat chegarasiga yaqin harakatlanayotgan shartli dushmanni aniqlash va yakson qilish mashqlarida havo-desantchilari, artilleriyachilar, motooʻqchilar, tankchilar, maxsus operatsiya kuchlari hamda Harbiy Havo kuchlari boʻlinmalari qatnashdi.

Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy havo kuchlari tarkibidagi MiG-29 va Su-25 qiruvchi samolyotlari, Mi-24 vertolyotlaridan zarbalar berildi.Chalgʻituvchi xarakatlarni amalga oshirgan holda, davlat chegarasini yorib oʻtishga faol kirishgan shartli noqonuniy toʻdalarni artilleriya divizioni kuch va vositalari bilan yakson qilishga qaror qabul qildi. Shundan keyin jang maydonida zirxli qalqon tankchilar boʻlinmasi paydo boʻldi. Ular tank biatlonida qoʻllaniladigan “Suvli toʻsiq” hamda “Eskarp” va “Tirsakli koʻprik”dan mohirona oʻtib, belgilangan marrani egallab, “Tank karuseli” jang usulini qoʻlladi.

Mudofaa operatsiyasini olib borish jarayonida, shartli ogʻir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, Mi-171 vertolyotida, chigʻiriqni qoʻllagan holda, evakuatsiya qilish usuli namoyish qilindi. Eng zamonaviy turdagi jangovar vertolyotlar shaxsiy tarkibni belgilangan hududga desantlashtirdi. Qoʻriqlov otryadlari marralari oraligʻidan suqulib kirgan shartli dushmanni umumqoʻshin zaxira kuch va vositalari bilan yakson qilish vazifasini parashyut-desant bataloni harbiy xizmatchilari bajardi. Qoʻshinlarning jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, oʻquv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan mashqlar muvaffaqiyatli yakun topdi.

Mashgʻulotlarni harbiy-maʼmuriy sektorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham kuzatib bordi.

Prezidentimiz poligon yonidagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlarni, qurol-aslaha va texnikalarni koʻzdan kechirdi. Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash, xalqimiz tinchligini taʼminlash ekanini taʼkidladi.

Vatanparvarligi, professionalligi bilan alohida namuna koʻrsatgan polkovnik Qodir Tursunovga avtomashina, harbiy xizmatchilarga planshetlar sovgʻa qilindi. Shu yerda harbiy-maʼmuriy sektorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazildi.

6c05ab38-4800-0006-ceb1-5f0d93728bdd.jpg

51c6d921-000b-2695-1067-1ead3cdb5a42.jpg
731ba026-20e4-5a3a-7d6a-cf9ec129b01c.jpg
06eb8043-c5d7-b4b4-6a00-e89cf84a4b0f.jpg
9fab7980-4ccf-23e6-d1aa-b8ad86d8e5c5.jpg
95d6219b-6c5d-d8ce-fec9-d9f8e8bb634b.jpg
441bf0cc-eea1-44a9-d941-a4ecd640ffb3.jpg
644f8107-67dd-7602-99b0-e25a6baa9f59.jpg
955c7b85-4385-7320-0456-82af07795460.jpg
db4ac5d0-c050-4eee-7d2d-0505524d497a.jpg
df0c5cb2-8604-da60-69c4-e6802bc3c3da.jpg
e5ed4590-0048-af87-dd8a-7ae9febcb3fe.jpg
e22206d2-d108-4e30-f47c-cfc2168e7b5d.jpg
f937a2c7-66d6-29e9-9934-b8ce8089ebd8.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA muxbiri