Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar va oʻzgarishlarni samarali amalga oshirishning muhim shartlaridan biri davlat va jamiyat boshqaruvi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etishdir.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 21 noyabrda “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida shu kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mazkur hujjat axborot sohasida yagona davlat siyosati roʻyobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilayotganiga qaramasdan “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi va samarali faoliyat koʻrsatishiga, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga toʻsqinlik qiluvchi qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Mavjud muammolar axborotlashtirish subyektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishiga va axborot xavfsizligi sohasidagi amalga oshirilayotgan ishlarning samarasizligiga sabab boʻlmoqda.
Axborot sohasida yagona davlat siyosati roʻyobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi tugatilib, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga koʻmaklashish markazi tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA