Joriy yilning 16 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida boʻlib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev bu yerda turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkazilayotgan mashgʻulotlar jarayonini koʻzdan kechirgan, yoshlar bilan suhbatlashgan edi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, garnizondagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini oʻtayotgan oddiy askar Jamshid Himmatov Prezidentimizga fortepianoda jahon va milliy mumtoz operalardan ijro etib, barchaning olqishiga sazovor boʻlgan. Prezidentning topshirigʻiga koʻra, Jamshid Himmatov muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyoz asosida oʻqishga qabul qilinadigan boʻldi.
– Davlatimiz rahbarining biz xizmat qilayotgan garnizonga tashrifidan xabar topgach, u kishiga fortepianoda jahon va milliy mumtoz operalardan ijro etib berish tashabbusi bilan chiqdim. Bu fikrimni komandirlarim, xizmatdosh doʻstlarim ham qoʻllab-quvvatladi va men orzuimga erishdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan menga bildirilgan yuksak ishonchdan unumli foydalanib, kelajakda Qurolli Kuchlarimiz harbiy orkestrida xizmat qilish niyatim bor, – deydi Jamshid Himmatov.
Jamshid Himmatov 1998 yili Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tugʻilgan. 2017 yili Termiz sanʼat kollejida “Akademik vokal artisti” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan. 2018 yili muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va hozirda Nukus garnizonida yigitlik burchini oʻtamoqda.
Ziyodulla Jonibekov, OʻzA