Noqonuniy turar joy uchun mulk huquqi berildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 apreldagi farmoniga koʻra, ushbu farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi oʻtkazilmoqda.
2019 yil 1 maygacha davom etadigan mazkur tadbir fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, oʻzboshimchalik bilan qurgan turar joylariga egalik huquqini olishlarida muhim ahamiyatga ega.
Samarqand shahar hokimligida oʻtkazilgan tadbirda ushbu aksiya doirasida 40 nafar fuqaroga shahar hokimning mulk huquqini eʼtirof etish yuzasidan qarorlari topshirildi.
Tadbirda Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi A.Xalilov, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi masʼul xodimlari umumdavlat aksiyasining tartib-qoidalari, bu jarayonda mutasaddi idoralar va fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida tushuncha berdi.
– Oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish tartiblari yuzasidan oʻtkazilayotgan tadbirlar, tushuntirish ishlari natijasida hozirgacha fuqarolardan 8 ming 801 ariza qabul qilindi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi masʼul xodimi A.Primov. – Ushbu arizalar tegishli tartibda koʻrib chiqilib, ularning 1 ming 139 tasi boʻyicha mulk huquqini eʼtirof etish yuzasidan tuman, shahar hokimlarining qarorlari qabul qilindi. 1 ming 440 ta murojaat rad etildi va 4 ming 603 ta ariza komissiya tomonidan oʻrganilmoqda.

 

Gʻ.Hasanov, OʻzA