Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Adliya vazirligiga 10 million yevro miqdorida begʻaraz grant ajratdi

Bu haqdagi bitim Bryussel shahrida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi“ Hamkorlik kengashining 14-yigʻilishida ishtirok etgan Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev hamda Markaziy Osiyo va YEI hamkorligini rivojlantirish departamenti direktori Pyer Amilxat oʻrtasida imzolandi.
Besh yilga moʻljallangan grant bitimi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan qator tadbirlarni moliyalashtirishni koʻzda tutadi. Xususan, loyihada Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boʻlinmalari va Davlat xizmatlari markazlarini texnik jihatdan jihozlash, jumladan, server, kompyuter, tarmoq, telekommunikatsiya uskunalari, elektron navbat tizimi va videokuzatuv moslamalarini xarid qilish ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, beshta tajriba hududi – Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida davlat xizmatlari sifati va tezkorligini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ularda innovatsiya gʻoyalari va ishlanmalari markazlarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Grant doirasida ixtisoslashgan davlat xizmatlari veb-portali, mutasaddi organlar va davlat xizmatlari markazlari oʻrtasida axborot almashish, mobil ilovalar orqali onlayn tarzda davlat xizmatlari koʻrsatish uchun integratsiyalashgan maʼlumotlar bazasi tashkil qilish koʻzda tutilmoqda.
Innovatsion texnologiyalarni joriy etish doirasida mazkur bitim blokcheyn-texnologiyalari, Davlat xizmatlari markazlari xodimlari faoliyati samaradorligini rejalashtirish va baholashning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi xodimlarining xorijiy taʼlim muassasalarida malakasini oshirish boʻyicha ham hamkorlikda qator ishlar amalga oshiriladi.

 

OʻzA