Bagʻrikenglik va insonparvarlik – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga koʻra, 1997-yildan buyon 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida nishonlab kelinadi. Oʻzbekistonda ham ushbu kunni koʻtarinki ruhda oʻtkazish anʼanaga aylangan.

Poytaxtimizda 20 noyabr kuni“Bagʻrikenglik va insonparvarlik – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi” mavzusidagi xalqaro seminar ham ushbu sana munosabati bilan tashkil qilindi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan qator hamkorlar koʻmagida oʻtkazilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, ilmiy doira vakillari, shuningdek, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, YUNЕSKOning mamlakatimizdagi qator tuzilmalari masʼul xodimlari, xorijiy ekspertlar, oliy taʼlim dargohlari professor-oʻqituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni yuritish mustaqillik yillarida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Bagʻrikenglikka asosiy demokratik tamoyil sifatida eʼtibor qaratib kelinayotgani jamiyatda insonparvarlik, tinchlik va totuvlik, inson qadr-qimmati tushunchalarini hayotiy mezon darajasida yuksaltirish imkonini bermoqda.

Konstitutsiyamizning 8-moddasida Oʻzbekiston xalqini, millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etishibelgilab qoʻyilgan.

Bugungi kunda yurtimizda 16 diniykonfessiya faoliyat yuritmoqda. 130 dan ziyodmilliy madaniy markazlar turli millat va elat vakillarining urf-odatlarini asrab-avaylash, targʻib qilish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutmoqda.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi oʻtkazgan jamoatchilik soʻrovi natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda tarixiy, madaniy qadriyatlar va turli elatlarning oʻziga xos anʼanalari saqlanib, avloddan-avlodga bezavol yetkazib kelinmoqda.

Seminarda millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar, bagʻrikenglikni mustahkamlashdagi ilgʻor tendensiyalar va boshqa mavzular yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

Tadbir soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi va “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA