Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Xorazm viloyati musiqali drama teatrini borib ko‘rdi.

Prezidentimizning joriy yil 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq sohani taraqqiy ettirish, teatrlarning moddiy-texnik bazasini zamon talablari asosida mustahkamlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Xorazm viloyati musiqali drama teatri 1975-yilda qurilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan shu kunlarda teatr binosi, jumladan, 572 tomoshabinga mo‘ljallangan zal kapital ta’mirlanmokda.

Teatr sahna dekoratsiyalari va konstruksiyalari, liboslar, grim va postijer mahsulotlari, parda va boshqa buyumlar bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz teatr mutasaddilari bilan muloqotda teatr faoliyatining mazmun-mohiyatini yanada boyitish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Teatrni haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘iga aylantirish uchun avvalo yaxshi asarlar kerak, dedi davlatimiz rahbari. Xorazmning buyuk tarixi bor. Ulug‘ allomalarimiz, shu bilan birga zamonamiz qahramonlari haqida sahna asarlari yaratish zarur.

Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy uy-joy qurib berish, teatrning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aktyor va rejissyorlarning malakasini oshirish, yosh mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Anvar Samadov, O‘zA