Oʻzbekiston – Singapur sayyohlik markazi ochiladi

Avval xabar berganimizdek, “Oʻzekspomarkaz”da turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsion forum boʻlib oʻtdi.
2X0A7510.JPG
Forumda dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil ishtirok etdi. Shuningdek, 16 mamlakatning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari jalb etildi.
Unda joriy yilning 9 oyi mobaynida xorijiy sayyohlar soni 4,4 million kishini tashkil etgani, bu esa oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar oshgani qayd etildi. Yil oxiriga qadar xorijiy sayyohlar soni 5 millionga yetishi kutilmoqda.
2X0A7803.JPG
Bunda esa tizimdagi yangiliklar muhim ahamiyat kasb etmoqda. 18 mamlakat uchun viza rejimini joriy etish, 50 mamlakatga kirish vizalarini olish uchun soddalashtirilgan tartib, shuningdek, 101 mamlakat uchun tranzit vizalarini joriy qilish shular sirasidandir. Elektron viza tizimi amal qilishining uch oy qilib belgilangani, 49 mamlakat fuqarolariga 19,5 mingga yaqin elektron vizalar berishda qoʻl keldi.
2X0A7852.JPG
Forumda AQSH, Xitoy, Koreya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Singapur va Turkiya kabi yirik xorijiy investitsiya kompaniyalari Oʻzbekistonda infratuzilma obyektlarini barpo etishda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.
Tadbir doirasida koʻplab shartnomalar imzolandi. Oʻzbekiston-Singapur sayyohlik markazining ochilishiga oid shartnoma, Sirdaryo viloyati boʻyicha 18 milliard soʻmlik investitsiya shartnomalari, Davlat turizm qoʻmitasi huzuridagi “Trening-konsalting markazi” va Qozogʻistonning Turkiston viloyati tashqi aloqalar boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim shular sirasidandir.
Forum doirasida shartnomalar imzolash davom etmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA